Iqlim o‘zgarishga moslashish choralarini iqtisodiy baholash va ustuvorliklarini belgilash

19/12/2022 - 15:36 2279

O‘zbekiston Respublikasi uchun iqlim o‘zgarishi masalasi dolzarbligicha qolmoqda, chunki yil sayin iqlim o‘zgarishi sezilarli bo‘lib, iqlimga bog‘liq bo‘lgan xavf-xatarlar – issiqlik va sovuq to‘lqinlar, shuningdek, ularning davomiyligi, kuchli yog‘ingarchiliklar ko‘payib bormoqda. Sel, toshqin xavfi va qor ko‘chkilarining paydo bo‘lishi, ko‘pincha hosilning yo‘qolishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi, tuproqning yemirilishi va chang bo‘ronlari va boshqalar. Bularning barchasi bevosita ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaga, atrof-muhitga, aholi turmush farovonligi va salomatligiga ta’sir qiladi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish davlat boshqaruvining barcha darajalarida va respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida rejalashtirishning umumiy va zarur tarkibiy qismiga aylanishi kerak. Moslashuvni milliy rejalashtirish iqtisodiyot tarmoqlarining iqlim o‘zgarishi ta’siriga zaifligini baholashga, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni hisobga olishga, moslashuv tadbirlarini moliyalashtirish muammolarini hal qilishga yordam beradi.

2022-yilning 15–16-dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini iqtisodiy baholash va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari aynan shu masalaga bag‘ishlandi. Trening “Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga eng zaif boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalarga moʻljallangan Milliy moslashuv rejasi” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Ma’lumot uchun: Loyiha Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet), Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Muddati: 20202023-yillar. Maqsadli hududlar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari. Asosiy tarmoqlar: qishloq va suv xoʻjaliklari, sogʻliqni saqlash, uy-joy qurilishi va tabiiy ofatlarni boshqarish. Maqsad: milliy moslashuv rejasini ishlab chiqish va iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini ishlab chiqishda institutsional va texnik salohiyatini oshirish.

        Treningda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda O‘zgidromet xodimlari ishtirok etdi.

        Moslashuv chora-tadbirlarini baholash iqtisodiy, ekotizim va ijtimoiy xarajatlar va foydalarni, shuningdek, moslashuv chora-tadbirlarining aholiga, iqtisodiyot tarmoqlariga va atrof-muhitga ko‘zda tutilmagan (ijobiy yoki salbiy) ta’sir qilish imkoniyatlarini hisobga olishga qaratilgan. Moslashuv xarajatlari va foydalarining ishonchli hisob-kitoblari byudjetlashtirish va aralashuvlarning pul qiymatini baholash uchun asos bo‘ladi.

  Moslashuv tadbirlarini iqtisodiy baholash va ustuvorliklarni belgilash uchun tegishli vositani tanlashda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat:

-    Har bir moslashuv chorasining xarajati va foydasi qanday? Barcha xarajatlar va imtiyozlarni ajratish va hisoblash (pul ko‘rinishida o‘lchash) mumkinmi?

-     Moslashuv choralarini qanday qilib eng yaxshi tarzda amalga oshirish mumkin va natijaga erishish uchun qanday shartlar mavjud?

-     Moslashuv va rivojlanish imkoniyatlari o‘rtasidagi birgalikdagi manfaatlarni pul ko‘rinishida aniqlash va o‘lchash mumkinmi?

        Loyihaning milliy ekspertlari jahon tajribasi, O‘zbekistonning iqlimiy va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini o‘rganish asosida iqlim o‘zgarishiga moslashuv choralarni iqtisodiy baholash va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

        Trening davomida ishtirokchilariga iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari va uning oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi, ustuvor yo‘nalishlarni tanlash mezonlari tahlil qilindi. Jumladan, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida foyda-xarajat tahlili, rentabellik usuli, ko‘p mezonli tahlil, investitsiya tahlili usullari ko‘rib chiqildi.

        Shuningdek, trening ishtirokchilari atrof-muhitni tartibga solishning huquqiy asoslari va imtiyozlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ekologik va iqtisodiy rag‘batlantirish bo‘yicha xorijiy tajribani ko‘rib chiqqach, biz iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish va byudjetlashtirish qanday amalga oshirilayotganini o‘rgandik va muhokama qildik.

        Moslashuv chora-tadbirlarini iqtisodiy baholash bo‘yicha treninglar loyihaning tajriba hududlarida ham o‘tkaziladi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati