Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

18/11/2022 - 12:47 558

Joriy yilning 17-noyabr sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Jahon banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda mehmonlar tomonidan Jahon bankining infratuzilma sektorining mintaqaviy direktori Charlz Korme, Global energiya amaliyoti rahbari Sudeshna Ghosh Banerji, Global transport amaliyoti rahbari Karla Gonsales, mintaqaviy hamkorlik tadbirlari koordinatori Dmitriy Petrin, Infratuzilma dasturi rahbari Antonio Nunes, energetika bo‘yicha yetakchi mutaxassis Manuel va boshqa vakillar ishtirok etdilar.

Shuningdek, uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori O‘tkirjon Xolbadalov, Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Mustafoyev, Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Narimov hamda Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuxrat Matkarimov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida iqtisodiy o‘sish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va “yashil” o‘sishni ta’minlash, mamlakat iqlimi va rivojlanish hisoboti (Country Climate and Development Report)ni ishlab chiqish, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodoyotni dekarbonizatsiyalash bo‘yicha uzoq-muddatli strategiyani ishlab chiqish, xususan, energetika sohasini dekarbonizatsiya qilish, shuningdek, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: 3–4-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Jahon banki “Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot sari” nomli yangi qoʻshma hisobotning xulosalari va tavsiyalarini taqdim etishdi.

Jahon banki Oʻzbekiston hukumatini iqtisodiy oʻzgarishlarda hamda iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirish va barqarorlikni kuchaytirish strategik ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda qoʻllab-quvvatlaydi. “Yashil”, inklyuziv va barqaror oʻsish, yaqinda qabul qilingan 2022–2026-moliyaviy yillarga moʻljallangan Mamlakat bilan hamkorlik dasturi maqsadlari orasida asosiy ustun hisoblanadi.

Mamlakat bilan hamkorlik dasturi 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshadi, bunda boshqa ustuvor islohotlar qatorida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya va suv samaradorligini oshirish, yerlar degradatsiyasining oldini olish va boshqa islohotlardir. (Batafsil)

Shu bilan birga, uchrashuvda tomonlar energiyani taqsimlash yo‘nalishidagi amalga oshiriladigan islohotlar, energetika bozorlari, energiya barqarorligini ta’minlash, amalga oshirilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar. 

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati