Jahon banki vitse-prezidenti Jizzax viloyatida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi

29/09/2022 - 18:33 936

Joriy yilning 29-sentabridan 2-oktabrigacha Jahon bankining (JB) Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byerde ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlariga safari doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

29-sentabr kuni Byerde xonimning Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga tanishuv tashrifi bo‘lib o‘tdi. Bu yerda “Saroy” mahalla fuqarolar yig‘inida (MFY) “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida yangi maktab qurilgan edi. Loyiha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (ITKQV) tomonidan Jahon banki va Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankining mos ravishda ajratgan 100 million AQSH dollari va 82 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy yordamlari bilan amalga oshirildi.  

Loyihaning maqsadi – Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 1,3 millionga yaqin aholisi bo‘lgan 306 ta chekka qishloqlarda asosiy ijtimoiy infratuzilma obyektlari va aholi hayotini ta’minlash bo‘yicha tegishli xizmatlar sifatini yaxshilash.

 Loyiha tegishli aholi punktlari aholisining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi. Ular loyiha mablag‘lari qaysi eng zarur infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga yo‘naltirilishini mustaqil ravishda belgilaydilar. Shuningdek, qishloq aholisi ham ushbu infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha tegishli subloyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar, pudrat tashkilotlari tomonidan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish jarayonini nazorat qiladilar, subloyihalar, tegishli ishlar, xaridlar va boshqalar doirasida mablag‘lar sarflanishini tekshirib boradilar. 

Hozirgi vaqtda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida 176 ta qishloq mahalliy ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish rejasini taqdim etdi. Ular ushbu aholi punktlarida eng ko‘p talab qilinadigan suv ta’minoti va elektr tizimlari, yo‘llar va ko‘priklar, maktablar va boshqa jamoat binolarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun moliyalashtiriladi.   

 Taxminan 2800 kishi istiqomat qiladigan “Saroy” MFYda 2022-yil avgust oyida yangi maktab binosi qurildi. Uning qurilishi mahalliy aholining qarori bilan ushbu aholi punkti uchun ustuvor vazifa sifatida belgilangan edi. Ilgari uning o‘rnida tuman maktablaridan birining filiali joylashgan bo‘lib, unga 65 o‘quvchi qatnar edi. U bir qavatli bino bo‘lib 1985-yilda qurilgan va uning moddiy-texnik bazasi allaqachon eskirgan hamda foydalanishga yaroqsiz edi. 

 

 “Saroy” MFY aholisi benefisiari bo‘lgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi tufayli avvalgi maktab o‘rnida 220 o‘rinli zamonaviy ikki qavatli bino qurildi. Sinflar va boshqa xonalar zarur mebel, jihozlar va o‘quv materiallari va inventarlar bilan jihozlangan. Maktabni qurish va barcha zarur jihozlar uchun loyiha mablag‘laridan 450 ming AQSH dollariga yaqin mablag‘ ajratildi.

 Byerde xonim bilan uchrashuv doirasida qishloq aholisi va ITKQV vakillari ushbu sub-loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish tajribasi haqida so‘zlab berdilar. Mehmonga yangi bino namoyish etildi. U maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan tanishdi. Ta’kidlandiki, bugungi kunda bu yerda nafaqat “Saroy” MFY bolalari, balki qo‘shni qishloqlar bolalari ham tahsil olishmoqda.

Shuningdek, Byerde xonim ayollarning tadbirkorlik faoliyati, shuningdek, xotin-qizlar ishtirokida hududda mikro va kichik biznesni rivojlantirish yo‘lidagi imkoniyatlar va to‘siqlar bilan tanishish uchun mahalliy tadbirkor ayollar bilan suhbatlashdi.

“Saroy” MFY yig‘ilishida ishtirok etgan Jizzax viloyati rahbariyati Byerde xonimga hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, ichki va tashqi investitsiyalarni jalb qilish uchun mavjud sharoitlar hamda iqtisodiyotning turli sohalarida tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

 Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati Jahon bankining moliyaviy yordami bilan qiymati 4,8 milliard AQSH dollarini tashkil etadigan 27 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning maqsadi fuqarolarning farovonligini oshirish, iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish, shuningdek, muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdir. Ushbu loyihalar tibbiyot va ta’lim, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi, suv va kanalizatsiya xizmatlari, qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya, meva-sabzavot va chorvachilik, energetika va transport, qishloq va shahar infratuzilmasini rivojlantirish, soliq ma’muriyati, statistika organlari, innovatsiyalarni joriy etish, jamiyatdagi ayollarning ahvolini yaxshilash, ishbilarmonlik muhiti, tadbirkorlik uchun sharoitlar va shu kabi sohalarda amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati