Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirish muammolari—kun tartibida

09/09/2022 - 10:51 1571

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” qabul qilingan qarori bilan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishga doir ma’muriy reglament ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Reglamentga ko‘ra, xususiylashtirish obyektlari tomonidan kelib tushgan ariza va murojaatlarni ko‘rib chiqish va tegishli xulosalarni taqdim etish qurilish va kadastr idoralari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq tajribadan ma’lum bo‘lishicha, vakolatli tashkilot va davlat idoralari tomonidan amaldagi yangicha tartib–qoidani o‘rganmaganlik, mavjud me’yorlarni noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida aksariyat ariza va murojaatlarga noto‘g‘ri javob va xulosalar berilishi kuzatilmoqda.

Tarmoqda yuzaga kelayotgan muammo va tushunmovchiliklarni bartaraf etish, hududlarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish, aholiga amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda to‘g‘ri tushuncha va yo‘l-yo‘riq berish maqsadida Respublika Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Kadastr hamda Davlat aktivlarini boshqarish Agentliklari mas’ul mutaxassislari tomonidan joriy yil sentabr–oktabr oylarida respublika bo‘ylab barcha hududlarda o‘quv amaliy seminarlarini tashkillashtirish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaror qilingan.

 

Xuddi shunday o‘quv amaliy seminari 8-sentabr Buxoro shahar hokimligida tashkil etildi. Soha mutasaddilari, viloyat Qurilish boshqarmasi, arxitektura va kadastr, davlat aktivlarini boshqarish, davlat xizmatlari agentliklari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, qolaversa, shahar va tumanlar studiyalaridan onlayn tartibida mahalliy hokimliklarning qurilish va boshqa tegishli kadrlari ishtirok etgan tadbirni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul xodimlari Mirshod Ubaydullayev hamda Diyor Ergashevlar olib bordilar.

 

Muhokamada yer islohoti strategiyasi, uning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi vazifalari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarini tartibga solish sohasida amalga oshirilgan islohotlar, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun–mohiyati xususida so‘z bordi.

 

Ta’kidlanganidek, bu borada viloyat fuqarolaridan joriy yil o‘tgan oylarida yuqori idoralarga 494 ta ariza va murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 300 dan ortig‘iga rad javobi berilgan bo‘lsa, 68 ta ariza ko‘rib chiqilmagan va javobsiz qoldirilgan. Holbuki, har bir murojaat 5 ish kunida o‘rganib chiqilib, uning muallifiga javob yo‘llanishi lozim. Shu nuqtai nazardan, seminarda loyihalashtirish, arxitektura, kadastr va boshqa tegishli idoralar xodimlariga batafsil tushuntirishlar berildi.

Chunonchi, yuqoridagi huquqiy–me’yoriy hujjatlarga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari bekor qilindi: tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish, yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish, bundan yerlarni davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlar mustasno.  Shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlarini belgilash.

O‘quv amaliy seminari yakunida yig‘ilish qatnashchilari yuqoridagi kabi ish jarayonida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqlik va tushunmovchiliklar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan qator savollariga mutasaddilardan javob oldilar.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati