Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICA vakillari bilan uchrashuv

30/08/2022 - 21:36 1257

Joriy yilning 29-avgust kuni Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta Vitse-prezidenti, boshqaruv kengashi a’zosi Keichiro Nakazava boshchiligidagi vakillar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosarlari Adiz Boboyev va Mirzohid Ubaydullayev, shuningdek, mehmonlar tomonidan JICAning O‘zbekistondagi bosh vakili Miyazaki Suguru va uning xodimi Omori Shun ham ishtirok etdi.

 

Uchrashuv kun tartibidagi ustuvor masalalar, xususan, davlat aktivlarini xususiylashtirish va transformatsiya jarayonlari, yashil iqtisodiyotga o‘tish, mehnat migratsiyasi va boshqa qator sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish bo'ldi.

Uchrashuv avvalida tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, shuningdek, ularning asosiy ko‘rsatkichlari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda mamlakatimiz hududlarini kompleks rivojlantirishning master rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, xususiylashtirish bo‘yicha DXSh loyihalari hamda davlat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuqoridagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati