Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

17/06/2022 - 09:18 654

Joriy yilning 16-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarovning Markaziy Osiyo bo‘yicha mamlakat dasturi koordinatori Sasha Jumena boshchiligidagi Jahon banki vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon banki Guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Behzod Hamroyev, mehmonlar tomonidan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Jahon bankining O‘zbekistondagi portfelini monitoring qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Raximjan Assangaziyev ham ishtirok etdilar.

Uchrashuvning asosiy mavzusi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish edi.

Uchrashuv avvalida tomonlar bugungi kunda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi yillar uchun kutilayotgan natijalar va rejalar haqida fikr almashdilar. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik orqali energetika sohasini rivojlantirishning mumkin bo‘lgan yo‘llari muhokama qilindi.

Jahon banki vakillari texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali loyihalarni amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati

Creative Commons Attribution 4.0 International
Saytdagi barcha materiallardan quyidagi lisenziya bo‘yicha foydalanish mumkin: Creative Commons Attribution 4.0 International