Jahon bankining yangi tadqiqoti O‘zbekistonda shaharsozlikni samarali rivojlantirishning muammolari va imkoniyatlarini tahlil qiladi

15/06/2022 - 16:24 683

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Jahon banki (JB) O‘zbekistondagi urbanizatsiya bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Tadqiqotda shaharsozlik jarayonlari, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ta’siri, mavjud muammolar va samarali urbanizatsiya imkoniyatlari, shuningdek, mamlakat aholisi farovonligini oshirish manfaatlari yo‘lida barqaror urbanizatsiya uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar tahlil etilgan.

Joriy yilning 15-iyun kuni Jahon bankining “Vaqti keldi: Qanday qilib O‘zbekiston urbanizatsiyani barqaror rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylantira oladi?” hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilariga taqdim etilgan tadqiqot Jahon banki ekspertlari hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan va respublikaning bir qator hududlaridagi mahalliy hokimiyat organlari ko‘magida tayyorlangan. Ushbu loyihani amalga oshirishda Shveytsariyaning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) moliyaviy yordam ko‘rsatgan.

Xususan, taqdimotning asosiy mazmuni tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etilib, urbanizatsiya O‘zbekistonni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun harakatlantiruvchi kuch bo'lishi mumkinligiga e’tibor qaratildi. Ushbu jarayonlarni amalga oshirish uchun ushbu yo‘nalishda tizimli va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Aholi soni ortishi bilan shaharlar asta-sekin fuqarolarning farovonligini oshirishga yordam beraoladigan “jonli” innovatsiya markazlariga aylanmoqda. Buning natijasida, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, ijtimoiy xizmatlar, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, mamlakatning barqaror va ekologik rivojlanishi ta’minlanadi.

Buning uchun aholi va moliyaviy resurslarning shaharlar va iqtisodiyot tarmoqlariga erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish, hududiy va mahalliy davlat hokimiyati organlari shaharsozlik jarayonlarini boshqarish, zarur xizmatlar va infratuzilmani ta’minlash uchun zarur imkoniyatlarga ega bo‘lishi zarur.

Urbanizatsiya jarayoni iqtisodiy o‘sish va o‘rtacha daromad darajasiga erishish uchun harakatlanuvchi kuch bo‘lgan mamlakatlarda (Braziliya, Malayziya, Turkiya) yirik shaharlar hosildorlikning o‘sishi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi.

2030-yilda O‘zbekistonning urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun rivojlanib borayotgan shaharlarni samarali, hayot uchun qulay va resurslardan foydalanish nuqtayi nazaridan barqaror qilish kerak. Jahon Banki tomonidan taqdim etilgan hisobotda islohotlar uchun quyidagi ustuvor yo‘nalishlar keltirib o‘tilmoqda:

- xolis ma’lumotlar tahlili va joylardagi vaziyatni real baholash asosida urbanizatsiyani rivojlantirishning milliy konsepsiyasini qabul qilish. Hujjatda davlat siyosatining aniq ustuvorliklari belgilanishi kerak;

- mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari va resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda taqsimlash, shu jumladan, infratuzilmaga uzoq muddatli investitsiyalar va davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun moliyaviy imkoniyatlarni ta’minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda kengroq erkinlik berish orqali kengaytirish;

 - yirik tarkibiy islohotlarni amalga oshirish, shu jumladan yer bozorlarini rivojlantirish va shaharsozlikni modernizatsiya qilish. Bu barqaror, samarali va salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlarni rivojlantirish uchun asos yaratadi. Ichki migratsiya yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar, jumladan, ro‘yxatdan o‘tish (propiska) tizimini liberallashtirish va uy-joy islohoti, shuningdek, shaharlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash iqtisodiyot uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Batafsil ma’lumot

JB hisoboti “Vaqti keldi: Qanday qilib O‘zbekiston urbanizatsiyani barqaror rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchiga aylantira oladi?” quyidagi havola orqali yuklab olinish imkoni mavjud: https://cutt.ly/MJ29zwH

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Jahon banki

Axborot xizmati

Creative Commons Attribution 4.0 International
Saytdagi barcha materiallardan quyidagi lisenziya bo‘yicha foydalanish mumkin: Creative Commons Attribution 4.0 International