IFMR Green Hub – “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun maydonchasi haqida

05/05/2022 - 09:46 2227

“Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish – dunyodagi barcha mamlakatlar uchun eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham bu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. “2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi” qabul qilingan, shuningdek, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ham “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishdir.   

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) vaziyatni tahlil qilish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish yo‘llarini ishlab chiqish maqsadida “Green Hub”ni tashkil qilmoqda. Bunda asosiy e’tibor quyidagilarga qaratiladi:

a) ekspertlar, tadqiqot muassasalari, xalqaro moliya institutlarini bitta joyga jalb qilish va birlashtirish hamda hamkorlikda ish olib borish;

b) “Yashil iqtisodiyot” sohasidagi ma’lumotlarni to‘plash va tizimga solish hamda uni jamoatchilikka bilimlar xabi (markazi) ko‘rinishida taqdim etish.  

2022-yilning 29-aprelida PMTI binosida “Green Hub” ishga tushiriladi va «Stokgolm+50» maslahatlashuvlar seriyasi doirasida O‘zbekistondagi manfaatdor tomonlar bilan birgalikda ilk tadbir o‘tkaziladi. 

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, BMT TD, Jahon banki va shu kabi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 2030-yilgacha O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish rejasini amalga oshirishga qaratilgan “Yashil o‘sishning strategik asoslari” (Green Growth Strategic Framework - GGSF) loyihasini taqdim etadi hamda muhokama qiladi.  

“Strategik asoslar”dagi ma’lumotlar O‘zbekistonga xalqaro tajriba hamda xalqaro tashkilotlarning takliflariga tayangan holda “yashil o‘sish”ning oltita blogi va tarmoqlardagi ustuvor yo‘nalishlarga oid muhim mavzular bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyotning barqaror yo‘lini belgilash imkonini beradi.  

“Yashil o‘sishning strategik asoslari” loyihasining taqdimotidan so‘ng tayyorlangan materialni yaxshilash maqsadida vazirliklar, muassasalar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik bilan munozara o‘tkaziladi. 

Ishtirokchilarning Stokgolm+50 xalqaro kengashining “Umumiy taraqqiyot uchun sog‘lom sayyora – mas’uliyatimiz, imkoniyatimiz” konsepsiyasi bilan tanishuviga alohida e’tibor qaratiladi. 

Tadbir so‘ngida PMTI vakillari ishtirokchilarga “IFMR Green Hub”ning oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, uning faoliyati yo‘nalishlari hamda tadqiqotlar haqida batafsil so‘zlab beradi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati