Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

09/03/2022 - 21:09 760

Joriy yilning 4-mart sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov raisligida Jahon bankining Atrof-muhit, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish, barqarorlik va yer resurslari bo‘yicha global direktori Sameh Vahba boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Urbanizatsiya va uy-joy qurilishini rivojlantirish departamenti direktori Komiljon Xannarov, Yer islohotlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Moxir Shagazatov, Urbanizatsiyani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ravshanbek Rustam o‘g‘li, Jahon banki Guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Bexzod Hamroyev, shuningdek, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha urbanizatsiya, barqarorlik va yerdan foydalanish amaliyoti boshqaruvchisi Kristof Push, Jahon bankining Markaziy Osiyodagi barqaror rivojlanish bo‘yicha boshqaruvchisi Jeyn Olga Ebinger, Jahon banki guruhining urbanizatsiya bo‘yicha bosh mutaxassisi Rosanna Nitti hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

Uchrashuv mobaynida O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari, shaharsozlik loyihalari, ularni bosqichma-bosqich rejalashtirish, bugungi kundagi holati, kelajakdagi rejalar va qarashlar, amalga oshirilayotgan yer resurslari, sohaga investorlarni va ekspertlarni jalb qilish, yerlardan unumli foydalanish hamda hududlardagi urbanizatsiya holati va yer islohotlari masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari Jahon banki Guruhi tomonidan urbanizatsiya sohasi bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi. Xususan, uy-joy maydonlaridan istiqbolli foydalanish va qo‘shimcha bo‘sh yerlarni yaratish hamda hududlarda turizm infratuzilmasini oshirish muhokama qilindi.   

Shu bilan birga, uchrashuvda soha yuzasidan rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, Jahon banki tomonidan ishlab chiqilgan dasturlardan foydalanish, shaharlar infratuzilmasini yaxshilash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar yuqoridagi masalalar yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish va aloqalarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati      

Creative Commons Attribution 4.0 International
Saytdagi barcha materiallardan quyidagi lisenziya bo‘yicha foydalanish mumkin: Creative Commons Attribution 4.0 International