Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv

22/04/2021 - 12:42 314

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sindi Malvitsini boshchiligidagi mutaxassislar bilan uchrashdi. Uchrashuv mavzusi Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi, kredit va texnik yordam uchun grant ajratilishini ta‘minlash to‘g‘risida bo‘ldi.

Uchrashuvda, shuningdek, loyiha menejeri va OTB moliyaviy sektori bo‘yicha katta mutaxassisi Priyanka Sud, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasi direktori Abbosxon Maxamatov va boshqalar ishtirok etishdi.

Osiyo taraqqiyot banki hozirgi paytda O'zbekiston hukumatiga iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va qo‘shimcha qiymatli ish o‘rinlari yaratishga yordam berish uchun kichik va o‘rta biznes (KO‘K) ekotizimini yaxshilashga qaratilgan islohotlarni belgilash va amalga oshirishda o‘z yordamini berib kelmoqda. Ushbu islohotlar 2021-yilda tasdiqlanishi rejalashtirilgan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish Dasturi doirasida tayyorlanmoqda.

Uchrashuv davomida OTB vakillari dasturni tayyorlash va zarur choralarni amalga oshirish uchun kredit ajratish to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Ushbu tashabbus hukumatning xususiy sektorni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini va iqtisodiy rivojlanishning umumiy strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi ta’kidlandi. Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, ularni iqtisodiy diversifikatsiya qilishning asosiy ustuniga aylantirish yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiyotning norasmiy sektori va mintaqalardagi muvozanatlarning pasayishiga olib keladi.

Ishtirokchilar dasturni amalga oshirish usullari va istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yaqin kunlarda keyingi muhokamalar uchun videokonferentsiyalar o‘tkazishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati