Iqtisodiy tarraqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan o'rta shahar hokimlari, ularning o'rinbosarlari, boshqa davlat idoralari rahbarlari uchun masofaviy kurs tashkil qilinmoqda

29/10/2020 - 16:44 565

O'RTA SHAHAR XOKIMLARI VA O'RINBOSARLARI UCHUN MASOFAVIY KURS

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020 yil 8 iyul kuni kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan videoselektor yig'ilishining 51-sonli bayoni 19-bandi 2-xatboshisi ijrosini ta'minlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy tarraqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (keyingi o'rinlarda - Oliy maktab) tomonidan o'rta shahar Hokimlari va ularning o'rinbosarlari, hamda boshqa davlat idoralari rahbarlari uchun qisqa-muddatli masofaviy kurs tashkil qilinmoqda.

O'quv kursi 3-6 noyabr kunlari Oliy maktab, Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT) ning Janub-janub hamkorligi boshqarmasi (UNOSSC) va BMTning O'zbekistondagi vakilligi bilan hamkorlikda “Biznesni rivojlantirish va xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish orqali shaharlarni o'zgartirish” mavzusida masofaviy shaklda o'tkaziladi.

Mazkur kursning asosiy maqsadi - shaharlar hokimlari va ularning o'rinbosarlari xamda boshqa tegishli tashkilotlar uchun xizmat ko'rsatish sohasi faoliyatining o'ziga xos xususiyatlari to'g'risida zamonaviy tushuncha hosil etish, xizmat ko'rsatish sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish va takomillashtirish uchun hal qilinishi kerak bo'lgan masalalarni bayon etish, kurs ishtirokchilarida xalqaro tajribaga asoslanib kelajakda amalga oshirilishi zarur bo'lgan chora-tadbirlar haqida ko'nikma hosil qilish.

Dastur davlat-xususiy sherikligi (global rivojlanish, Xitoydagi amaliyot va istiqbollar), o'z-o'zini ish bilan band qilgan aholini qo'llab-quvvatlash, xizmat ko'rsatish sohasida iqtisodiyotning o'rni, global tendentsiyalari, raqamli iqtisodiyotning xizmat ko'rsatish sohasida infratuzilmalarni yaratishdagi ahamiyati, ichki turizmni rivojlantirish, shaharlarni transformasiya qilish bo'yicha yo'l xaritasi kabi mavzularni o'z ichiga oladi.

Ma'ruza-munozaralarni Xitoyning Janubi-Sharqiy universiteti, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Lanchjou moliya-iqtisodiyot universiteti va Oliy maktab professor-o'qituvchilari olib boradilar.