ShHT mamlakatlari bilan eksport strategiyasi bo'yicha davra suhbati

07/07/2020 - 23:00 1091

2020 yil 7 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi vakillari Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar bilan eksport strategiyasi masalalari yuzasidan video-konferentsiya shaklida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etishdi.

Ushbu tadbir 2020 yilda raislik qilayotgan taraf (Rossiya Federatsiyasi) tashabbusi bilan ShHTga a'zo mamlakatlar davlat hokimiyati va ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, ShHT Bosh kotibining o'rinbosari Jonon Sherali Saidamir ishtirokida tashkil etildi.

Davra suhbatining kun tartibidan quyidagi masalalar o'rin oldi:

- ShHTga a'zo davlatlar o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlili;

- ShHTga a'zo davlatlarning eksportga yo'naltirilgan korxonalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash choralarining tahlili;

- texnik tartibga solish va standartlashtirish bo'yicha ShHT doirasidagi muloqotni rivojlanish istiqbollari;

- ShHT doirasida qo'shma elektron savdo maydonchalarini rivojlantirish.

COVID-19 pandemiyasining tarqalishi tufayli yuzaga kelgan inqirozdan keyingi davrda ShHTga a'zo davlatlar iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlash masalalarini muhokamasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Tadbirda vazirlikning Xalqaro iqtisodiy hamkorlik va integratsiya jarayonlari departamenti direktori Matkarimov Shuxrat Tulibaevich “Mintaqalararo hamkorlik savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish omili sifatida” mavzusidagi taqdimot bilan qatnashdi.

O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan bildirilgan Tashkilotga a'zo davlatlar mintaqalarining hamkorligini kengaytirish bo'yicha tashabbuslar, davra suhbati qatnashchilari tomonidan yuqori baholandi.

Davra suhbati yakunlari bo'yicha tomonlar bunday tadbirlarni muntazam ravishda o'tkazishga kelishib oldilar.


O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot

va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati