Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashining 86-yig'ilishi bo'lib o'tdi

01/07/2020 - 10:42 1184

Joriy yilning 30-iyun sanasida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashining 86-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tadbir ilk marotaba masofaviy videokonferensiya shaklida bo'lib o'tdi. Yig'ilish kun tartibidan MDHga a'zo davlatlar iqtisodiy hamkorligining turli sohalarini qamrab olgan masalalar o'rin oldi.

Hamdo'stlik mamlakatlari delegatsiyalari rahbarlari MDHga a'zo davlatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni minimallashtirish bo'yicha qo'shma chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.

MDH Iqtisodiy kengashi tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi organlarining faoliyatini 2020 yilda moliyaviy ta'minlash to'g'risidagi qaror, 2020-2025 yillarda xalqaro transport qatnovini amalga oshirishda MDHga a'zo davlatlar hududida transport xavfsizligini ta'minlash strategiyasini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va ko'rib chiqish uchun Hukumat rahbarlari kengashiga taqdim etildi. Shuningdek, 2020-2024 yillarda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlarning saratonga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha harakatlar rejasi ham tasdiqlandi.

COVID-19 pandemiyasini hisobga olgan holda, MDHning 2030 yilgacha Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021-2025) amalga oshirish bo'yicha Harakatlar rejasini tayyorlash zarurati, 2019 yilda MDH davlatlararo innovatsion hamkorlik dasturining 2020 yilgacha bajarilishi va 2017-2020 yillarga mo'ljallangan Tadbirlar majmuini 2020 yilga qadar bo'lgan davrda amalga oshirish, Hamdo'stlik Iqtisodiy Kengashining qarorlari bajarilishi bo'yicha qator masalalar ham qatnashchilar tomonidan muhokama qilindi. Shu bilan birga, ishbilarmonlik muhiti, sarmoyadorlar uchun imtiyozlar, erkin iqtisodiy zonalar, MDHga a'zo davlatlar sanoat va ilmiy-texnik parklari mavzulariga ham to'xtalib o'tildi.

Uchrashuvda tashkiliy masalalar, xususan, navbatdagi MDH iqtisodiy kengashining 87-yig'ilishini 2020 yil 11 sentyabrda Toshkent shahrida o'tkazish masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar tomonidan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi Iqtisodiy Kengashi doirasida iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi.

 

O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot

va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati