2020/2021 o‘quv yiliga qabul jarayonini tashkil etish yuzasidan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

05/06/2020 - 18:28 1089

Joriy yilning 4- iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat test markazi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xodimlari va bir qator Oliy ta'lim muassasalari rahbarlari ishtirokida 2020/2021 o‘quv yiliga qabul jarayonini tashkil etish yuzasidan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifing doirasida, 2019/2020 o‘quv yili 11 sinf bitiruvchilariga shahodatnomalarni berish va ularning bazasini shakllantirish holati, Oliy ta'lim muassasalariga 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul parametrlari, alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlariga 2020/2021 o‘quv yili qabuli uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkillashtirish, Oliy ta'lim muassasalarining 2020/2021 o‘quv yili qabuliga tayyorgarlik bo‘yicha ishlar va COVID-19 pandemiyasi oqibatida ta'lim jarayonnini samaradorliligini oshirishga qaratilgan dolzarb mavzular muhokama etildi.

Shu bilan birga, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagallikni qisqartirish vazirligi xodimlari tomonidan 2020/2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga qabul parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi tegishli qaror loyihasida ko‘zda tutilgan parametrlar va ularning shakllantirish tartibi, bunda, hududiy va tarmoq kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlarini chuqur tahlil qilinishi bo‘yicha axborot berib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 168-bandida belgilangan Qabul parametrlarini shakllantirishda, iqtisodiyot tarmoqlarini malakali kadrlar bilan ta'minlash borasidagi quyidagi topshiriqlar inobatga olindi. Xususan,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining:

2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomadan kelib chiqqan holda:

grant o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;

qizlar uchun alohida grant o‘rinlarini ko‘zda tutish;

2019 yil 8 oktyarbdagi PF-5847-sonli Farmonida Tabiiy va muhandis-texnik sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni kengaytirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar;

2020 yil 7 apreldagi PQ-4666-sonli qaroriga muvofiq tibbiyot kadrlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga maqsadli qabul parametrlarini oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qabul parametrlarida hududlarda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hamda respublikada amalga oshirilayotgan maqsadli dasturlar va tarmoqlarning rivojlanish strategiyalaridan kelib chiqib ushbu maqsadlarni amalga oshirishda ularni oliy ma'lumotli kadrlar bilan ta'minlab borish maqsadida:

2020/2021 o‘quv yilida asosan:

Muhandis-texnik, Ishlab chiqarish, Arxitektura, Pedagogika, Gumanitar fanlar, Sog‘liqni saqlash sohalari uchun qabul parametrlari sezilarli darajada oshirilishi,

Sharqshunoslik, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ushbu sohalar rivojining yangi yo‘nalishlarni malakali kadrlar bilan ta'minlash maqsadida bir qator yangi yo‘nalishlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, Iqtisodiyot tarmoqlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va ushbu jarayonni raqamlashtirish maqsadida kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojini aniqlash jarayoniga raqamli yechimlarni qo‘llash maqsadida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilarini ehtiyojlari to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda Axborot tizimi – quota.mineconomy.uz orqali shakllantirilishi rejalashtirilmoqda.