Vazirlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash masalalariga bag‘ishlangan konferensiya bo'lib o'tdi

12/08/2016 - 18:55 4589

12 avgust kuni Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi boshchiligida “Diversifikatsiya va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining muhim omili” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari va Senat a'zolari, Iqtisodiyot, Qishloq va suv xo‘jaligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi va eksport qiluvchi bir qator kompaniyalar, agentliklar, aksionerlik jamiyatlari, korxonalar rahbarlari, shuningdek olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda sifatli qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini yetishtirish, ayniqsa, mahalliy korxonalarda mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish yo‘li bilan, aholi ehtiyojlarini qondirish hamda eksport faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi faoliyatlar atroflicha tahlil qilindi.

Shuni ta'kidlash joizki, ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi oldidan joylarda shu kabi qator amaliy muloqotlar, uchrashuvlar va tadbirlar tashkil etmoqdalar.

Tadbir yakunida sohaga oid qonun hujjatlarining izchilligi va samaradorligini ta'minlash, tayyorlanayotgan qonun loyihalarining sifatini yaxshilash, va uni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Konferensiyaning press-relizi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati