Xorijda ham xaridorgir mahsulotlar

10/08/2016 - 09:49 4305

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostidagi mahsulotlarni bugun jahonning turli mintaqalarida uchratish mumkin.

Jahon bozoriga chiqish, chetga mahsulot sotish – mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Farg‘ona viloyatida ham eksportbop tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulot hajmi va turini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni joriy yilning dastlabki olti oyida viloyat tadbirkorlari tomonidan 260,1 million dollarlik mahsulot xorijga sotilganida ham ko‘rish mumkin.

Qiyoslash uchun bir misol: 1991-yili Farg‘ona viloyatida atigi ikkita eksportchi korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 160 korxona chet el investitsiyasi ishtirokidagi ishlab chiqarish subyekti sanaladi. 100 dan ziyod korxona aynan xorijlik mijozlar buyurtmasi asosida faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda dunyoning 90 dan ortiq mamlakatida Farg‘ona korxonalari yorlig‘i tushirilgan raqobatbardosh mahsulotlarni uchratish mumkin.

Marg‘ilon shahrida joriy yilning o‘tgan davrida 214, 7 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 7,8 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi.

“Expo color print teks” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida tayyorlanayotgan sifatli ip-kalava mahsulotlariga tashqi bozorda talab ortmoqda. Bu yerda o‘rnatilgan zamonaviy texnologiyalarni marg‘ilonlik yoshlar bemalol boshqarmoqda. Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 200 dan ziyod ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir. O‘tgan yili qo‘shma korxonada 11 milliard 900 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va eksport qilindi.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini mutaxassislar yuqori baholamoqda, – deydi qo‘shma korxona bosh direktori Abduqahhor Jo‘raboyev. – Joriy yilning o‘tgan davrida 2 million 440 ming dollarlik mahsulot xorijlik buyurtmachilarga yetkazib berildi. Ayni paytda bozor kon’yunkturasini o‘rgangan holda, yangi loyihalar ustida ish olib bormoqdamiz.

Qo‘shma korxonada zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilgan. Bu jahon bozoridagi o‘zgarishlarni kuzatish barobarida ularda bevosita ishtirok etish imkonini bermoqda. O‘tgan yili ish boshlagan qo‘shma korxona qisqa vaqt ichida Xitoy va Polsha davlatlarida savdo uylari ochdi.

Uch smenada ishlayotgan korxona yiliga o‘rtacha 3 ming 600 tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.

– Korxonamiz mahsulotlari asosan xorijga eksport qilinayotganidan faxrlanamiz, – deydi ip yigiruvchi Muazzam Hoshimova. – Zamonaviy dastgohlar bilan ishlashni tezda o‘rganib oldim. Bunda ingliz tilini bilishim juda qo‘l keldi.

Bunday eksportchi korxonalar safining tobora kengayib borayotgani iqtisodiy samaradorlikni oshirish, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zA