Mustaqillik bergan imkoniyatlar samarasi

03/08/2016 - 10:31 7225

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yillik shodiyonalariga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda xalqimiz bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, bugungi farovon kunlar, ulkan yutuq va marralar zamirida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz manfaatlari yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va xalqimizning fidokorona mehnati mujassam ekani namoyon bo‘ladi.

Prezidentimizning joriy yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlanganidek, oldin tasavvur qilish ham mushkul bo‘lgan bunday olamshumul natijalarning asosiy omilini, avvalambor, taraqqiyot yo‘limizda to‘siq bo‘lgan turli qiyinchilik, yetishmovchilik, og‘ir hamda mashaqqatli sinovlarni yengib o‘tishda odamlarimiz, butun xalqimizning dunyoqarashi, mehnatga, hayotga munosabati o‘zgarib, ularning siyosiy ongi, ijtimoiy faolligi, yon-atrofdagi voqealarga daxldorlik hissi tobora kuchayib borayotganida ko‘rish mumkin.

Mustabid tuzum davrida iqtisodiyoti bir yoqlama rivojlangan, asosan, xomashyo yetkazib beruvchi agrar respublika hisoblangan O‘zbekiston atigi chorak asrda barchaning havasu hayratiga sabab bo‘layotgan beqiyos o‘zgarish va yangilanishlarga erishdi. Chunonchi, mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiyoti qariyb 6 barobar oshgani, unda sanoatning ulushi 34 foizga yetib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 12 barobardan ko‘proq ortgani, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar hajmi 70 foizdan ziyodni tashkil etayotgani yo‘l boshidayoq Prezidentimiz rahnamoligida har tomonlama puxta o‘ylangan oqilona siyosat samarasidir.

Mamlakatimiz sanoatining bayroqdori

Mustaqillik sharofati va Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli O‘zbekiston bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylandi. Buni Navoiy kon-metallurgiya kombinati erishgan ulkan muvaffaqiyatlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Kon-metallurgiya ishlari – murakkab soha. Bu kasb kishidan katta iroda, bardosh talab etadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Prezidentimizning konchilarga ko‘rsatgan e’tibori va g‘amxo‘rligi soha fidoyilari oldiga qo‘yilgan vazifalarni yuqori darajada bajarishida doimo kuch va madad bo‘ldi. Ulkan ishlab chiqarish resurslariga ega kombinatda texnik va texnologik modernizatsiya jarayonlari jadal amalga oshirildi, natijada korxona jahon bozorida ham salmoqli o‘rin egalladi.

O‘zbekistonda aniqlangan qimmatbaho qazilma boyliklar zaxirasining 85 foizi Navoiy kon-metallurgiya kombinati hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois kombinatni haqli ravishda mamlakatimiz iqtisodiyoti hamda yerosti boyliklari qazib olish sohasining bayroqdori, deyish mumkin.

Bugungi kombinat kechagi zavod emas

Ma’lumki, mustabid tuzum davrida Qizilqumdan qazib olingan barcha boyliklar markazga tashib ketilardi. O‘tgan asrning 80-yillari oxiri va 90-yillar boshiga kelib kombinat moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolgan, texnika va asbob-uskunalar ma’nan eskirgan, konchilarning ertangi kunga ishonchi yo‘qolgan edi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2015-yilda Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Iqtisodiyotimiz lokomotivi bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini el-yurtimiz manfaatlari yo‘lida ishlatish uchun mustaqillikning dastlabki yillarida – o‘ta og‘ir va murakkab davrda sizlar bilan birga qanday katta ishlarni amalga oshirganimizni, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yaxshi biladi”, deb ta’kidladi.

Darhaqiqat, yurtimizda 90-yillar boshidagi turli iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan, davlatimiz rahbari kombinatning kelgusi istiqboli va rivojlanishiga alohida e’tibor qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yirik subsidiyalar ajratildi. Bu ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada ko‘paytirish, barcha bo‘linmalarni ilg‘or texnika va texnologiyalar bilan jihozlash, yangi korxonalarni ishga tushirish imkoniyatini yaratdi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridagi moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan, hukumatimizning 1992-yilda qabul qilgan Zarafshon-Uchquduq mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va NKMK korxonalari ishlarini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan qarori kombinat tarixida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu hujjat asosida 1995-yilda Uchquduqda 3-gidrometallurgiya zavodi barpo etilgani va Ko‘kpatas hamda Davgiztov konlari ishga tushirilgani konchilarga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishladi, ertangi kunga ishonchini oshirdi. Oltin ma’dan konlarining birlashgan xomashyo bazasida 2008-yildan boshlab investitsion loyihalar asosida bir necha zamonaviy obyektlar qurildi. 3-gidrometallurgiya zavodida sulfidli ma’danlarni bakterial oksidlash usulida qayta ishlash texnologiyasining muvaffaqiyatli joriy etilishi kombinat muhandis-texniklarining katta yutug‘i hisoblanadi.

Markaziy kon boshqarmasida oltinni uyumda eritmaga o‘tkazish majmuasi barpo etildi. Kombinat bo‘linmalarining portlovchi moddalarga bo‘lgan talabini qondirish uchun “Muruntov” koni yonida emulsion portlovchi moddalar zavodi qurildi. Kombinat muhandislari 1994-yildan uranni yer ostida eritmaga o‘tkazish usulida qazib olishning yangi texnologiyasini birinchi bo‘lib amalda qo‘lladi.

2002-yilda kombinatning Janubiy kon boshqarmasi tarkibiga “Zarmitan” va “Marjonbuloq” oltin qazib olish konlari kiritildi. 2010-yilda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida mustaqillik yillarida barpo etilgan ikkinchi yirik sanoat majmuasi – 4-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirildi. Ushbu zavod qurilishi bilan Zarmitan hududi infratuzilmasida ham katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yangi uy-joylar, madaniyat va sport inshootlari bunyod etildi.

Mustaqillikning dastlabki davridagi qiyinchiliklarga qaramasdan, Uchquduqda 3-, Qo‘shrabot tumanida 4-gidrometallurgiya zavodlari hamda Qizilqum fosforit majmualari barpo etilgani qator davlatlarning yuksak e’tirofiga szovor bo‘ldi. Istiqlol shunday imkoniyatlar yaratib berdiki, bugungi kombinat eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, tashkiliy, ishlab chiqarish va samaradorligiga ko‘ra oldingisidan mutlaqo farq qiladi.

2011-yilda “Muruntov” konida quvvati bo‘yicha jahonda yagona, unumdorligi soatiga 3000 tonna, qiyalik burchagi 37 gradus, ko‘tarish balandligi 270 metrni tashkil etadigan tik-qiya konveyyeri (“KNK-270”) ning ishga tushirilishi kombinat hayotida muhim voqea bo‘ldi. KNK-270 majmuasi barpo etilgani konning janubi-sharqiy va sharqiy bortlaridagi zaxiralarini ochish bo‘yicha kon ishlarini yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Amaldagi kon-texnikaviy vaziyat va konchilik ishlarining holatidan kelib chiqib, ochish sxemasining optimal varianti aniqlandi hamda “Muruntov – Mutenboy” birlashgan konining chegaralariga tuzatishlar kiritildi. Bu konda ishlashning beshinchi navbati loyihasining iqtisodiy jihatdan samaradorligi chuqurlikni 950 metrgacha yetkazish imkonini beradi.

Kombinatning kon-transport jihozlari va texnikalarini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mustaqillik yillarida “Muruntov” karerida yuk ko‘tarish quvvati 220 tonnagacha bo‘lgan avtoag‘dargichlar, konchilik ishlab chiqarishini avtomatlashtirilgan texnologik tayyorlashning komputer tizimi, massivning geologik tuzilmasini saqlagan holda ko‘p qatorli portlatishlar joriy etildi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning dastlabki o‘ntaligiga kirdi. Quvonarlisi, mamlakatimiz nafaqat qimmatbaho metallning ulkan konlariga ega, balki eng toza va yuqori sifatli oltin ishlab chiqarmoqda. 999.9 probali Qizilqum quymalari jahonning qimmatbaho metallar birjalarida O‘zbekistonning ishonch yorlig‘iga aylandi. Xususan, 1999-yilda nufuzli Tokio birjasi tomonidan Zarafshon oltiniga sifat sertifikati berilishi va dunyoning “Oltin etaloni” deb tan olinishi Prezidentimiz rahnamoligida sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasidir.

Modernizatsiya va yangilanishlar samaralari

Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2010-2015-yillarda zamonaviylashtirish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 1 milliard 68 million 200 dollarga teng 29 loyiha amalga oshirildi.

Kombinat nafaqat oltin, kumush, uran kabi nodir metallar, balki xalq xo‘jaligi uchun zarur mahsulotlar ham ishlab chiqarmoqda. Jumladan, 1998-yilda Qizilqum fosforit majmuasining foydalanishga topshirilishi bilan fosforit xomashyosini qazib olish va undan kimyo sohasida mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadigan fosfor konsentratini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Prezidentimizning 2013-yil 23-maydagi “Fosforit xomashyosini ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, fosforit xomashyosini boyitish ishlari amalga oshirildi. Bu yuvilgan, pishirilgan fosforit konsentrati ishlab chiqarish quvvatini deyarli ikki barobar – yiliga 400 ming tonnadan 716 ming tonnagacha oshirish imkonini berdi. Natijada fosfor xomashyosi ishlab chiqarish 1998-yilga nisbatan qariyb 10 barobar ortdi.

Kombinat bo‘linmalarida polivinilxlorid va polietilen quvurlar, suyuq shisha, temir sulfati, temir kuporosi, sulfat kislotalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Birgina “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida yiliga 140 milliard so‘mlik turli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Keyingi yillarda mazkur zavod kombinat ehtiyojlaridan tashqari mamlakatimizning qator yirik korxonalariga 60 dan ortiq turdagi import o‘rnini bosadigan yuqori ehtiyojli mahsulotlar yetkazib bermoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zaro kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirmoqda. 1991-yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 6 milliard 300 million so‘mlik mahsulot xarid qilingan bo‘lsa, 2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida 686 milliard so‘mlikdan ortiq import o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulotlar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.

Innovatsiya istiqbollari

Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Xususan, kombinatda keyingi yillarda ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalar hajmi 2008-yildagi 1,3 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga yoki 15 barobar oshdi.

Kombinatda mahsulot tannarxini pasaytirish, sanoat xarajatlarini qisqartirish maqsadida samaradorligi yuqori va energiya tejamkor texnologiyalar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2001-yildan boshlab umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 2537 Gkal bo‘lgan 1920 geliokollektor o‘rnatildi. Bu korxonada yiliga 2 million 900 kVt.soat elektr energiyasi tejalishini ta’minlamoqda. 2019-yilga qadar yana umumiy maydoni 1357 m2, quvvati 730 ming kVt.soat bo‘lgan 590 geliokollektor qurish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yili geologiya-qidiruv partiyalarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan ikkita fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Buning samarasida yiliga 40 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilayotir. 2017-2019-yillarda umumiy quvvati 3 MVt. bo‘lgan fotoelektr stansiyalar joriy etish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Kombinatning “Do‘stlik” agrofirmasida 2013-yildan buyon biogaz qurilmalari ishlab chiqish va joriy etish yo‘lga qo‘yildi va bu yiliga 210 ming metr kub biogaz ishlab chiqarish imkonini berayotir.

Shimoliy kon boshqarmasida ikkilamchi pardan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi doirasida quvvati 6 MVt.soat bo‘lgan bug‘ turbinasi ishga tushirilishi tufayli atmosferaga chiqarib yuborilgan ortiqcha issiqlik energiyasidan (pardan) foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va bu yiliga 6-7 milliard so‘mga yaqin foyda keltiradi.

Kombinat mamlakatimizdagi ko‘plab ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy o‘quv yurtlari bilan yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Germaniya, Shvetsiya, Rossiya va boshqa davlatlar bilan yaqin ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarni jadal olib borish, ularni amaliyotga joriy etish, pirovardida fan va ishlab chiqarishning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Kombinatning eng katta boyligi

Bugungi kunda kombinatda qariyb 60 ming ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Rahbar va mutaxassislarning 2 nafari fan doktori, 33 nafari fan nomzodidir. Barcha obyektlarni malakali yosh mutaxassislar va yuqori malakali ishchi-xodimlar bilan ta’minlash, kadrlar tayyorlash doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida oliy o‘quv yurtlarining ilmiy salohiyati va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ta’lim sifatini yuksak xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish, talabalarning o‘zlari qiziqqan sohada o‘qib izlanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Navoiy davlat konchilik instituti ham konchilik, metallurgiya, elektr energetikasi, kon elektromexanikasi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kombinatga malakali kadrlar tayyorlab beradigan dargohlardan biridir. Institutning ikki ming o‘ringa ega zamonaviy yangi o‘quv binolari qurilishi yakunlandi. Ishonch bilan aytish mumkinki, yaqin kelajakda institutda nafaqat farzandlarimiz, balki xorijlik yoshlar ham tahsil oladi. Boshqacha aytganda, endi bizning yoshlarimiz ilm istab o‘zga yurtlarga bormaydi, aksincha, chet ellik yoshlar O‘zbekistonga o‘qish, o‘rganish uchun keladi.

Farovon hayot – yuksalishlar belgisi

Xalqimiz duoga qo‘l ochar ekan, avallo, tinchlik, salomatlik va farzandlari kamoli, baxtini tilaydi. Prezidentimiz rahnamoligida “Islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan tamoyil asosidagi mustaqil taraqqiyot yo‘limizning samarasi bugungi kunda hayotimizning har jabhasida o‘z ifodasini topmoqda.

Kombinat ishchi-xodimlarining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida Zarafshon shahrida 36, Uchquduq tumanida 12 ko‘p xonadonli, Zafarobodda 10 obodonlashtirilgan kottejlar va yosh mutaxassislar uchun yotoqxona, Zarkentda 8 ko‘p xonadonli uy hamda 4 yotoqxona qurildi. Qariyb 900 nafar ishchi-xodim qishloq joylarida namunaviy loyihadagi turar joylarga ega bo‘ldi. Zarafshon, Uchquduq, Nurobod va Marjonbuloq shaharlarida sport majmualari, madaniyat muassasalari qad rostladi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida hamda Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida kombinatga qarashli Qo‘shrabot tumanining Zarkent posyolkasida bolalar akvaparki va 44 xonadonli turar joy, “Metallurg” profilaktoriyasining davolash korpusi, Nuroboddagi balneologik profilaktoriya, “Farhod” madaniyat saroyining xoreografiya zallari foydalanishga topshiriladi. Joriy yilda Zarafshon shahridagi 3-tibbiy-sanitariya qismi bazasida zamonaviy jihozlangan “Ona va bola” mintaqaviy skring-markazini barpo etish rejalashtirilgan.

Mustaqillik yillarida “Chorvoq” suv ombori qirg‘og‘ida “Pahlavon” sport-sog‘lomlashtirish oromgohi foydalanishga topshirilgani kombinat ishchi-xizmatchilari farzandlarining sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda. “Metallurg”, “Shaxtyor” sanatoriy-profilaktoriyalari, “Zarafshon” pansionati va “To‘dako‘l” dam olish bazasida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Kombinat xodimlarini sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun Karmana tumani hamda Zarafshon shahrida tuxum va go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilik fabrikalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Nurota tumanida 100 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratildi. Jizzax viloyatining Zomin tumanida 1600 gektar yerda poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Ertangi kunga yuksak ishonch bilan

Istiqlol yillarida boy mineral-xomashyo bazasi, yuqori malakali mutaxassislar mavjudligi, murakkab sharoitda ham konlarni o‘zlashtirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati samaradorligini oshirish, uning o‘rni va ahamiyatini nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyoti, balki jahonning yirik kon-metallurgiya kompaniyalari orasida ham yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi bunday ulkan yutuqlarga Prezidentimiz Islom Karimovning doimiy e’tibori va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli erishmoqda. O‘tgan chorak asr davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarishni rivojlantirish, eng ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari tinch, farovon va ertangi kunga katta ishonch bilan yashashi, mehnat qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Quvondiq Sanaqulov,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori,
O‘zbekiston Qahramoni.

Manba: O‘zA