Shartnomalar ijrosiga kirishildi

03/08/2016 - 09:47 5949

Joriy yil 12-16-iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida Samarqand viloyatidagi oltmishga yaqin korxona, agrofirma va fermer xo‘jaligi 325 ming tonna meva-sabzavot sotish bo‘yicha 373 million dollarlik shartnoma imzoladi.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Yerga egalik hissini tuygan dehqon va fermerlar, bog‘bonu sohibkorlar har qarich yerdan unumli foydalanib, yuqori hosildorlikka erishmoqda. Bu xalqimiz dasturxoni to‘kin-sochinligi, bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Samarqand viloyatidagi fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan joriy yilda 3 million 76,3 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu aholining ushbu turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish bilan birga, xorijiy davlatlarga eksport qilish imkonini beradi. 1 million 503 ming tonna sabzavotning 640,2 ming tonnasini ichki iste’molga, 519,1 ming tonnasini qayta ishlash va 210,5 ming tonnasini eksportga chiqarish rejalashtirilgan. 124,9 ming tonna poliz mahsulotlaridan 12,4 ming tonnasini, 420,1 ming tonna mevadan 93,9 ming tonnasini, 552,7 ming tonna uzumdan 114,1 ming tonnasini eksportga chiqarish belgilangan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi agrofirma va fermerlar, ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Ko‘rgazma savdo natijalariga ko‘ra, urgutlik dehqon va bog‘bonlar yetishtirgan 83 ming tonna meva-sabzavot, uzum va boshqa mahsulotlar xorijga eksport qilinadigan bo‘ldi. Tumandagi o‘nga yaqin agrofirma va korxona Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga 106 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.

– Tumanimizdagi 400 dan ortiq fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavot, poliz va uzum mahsulotlarini qayta ishlash, eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishganmiz, – deydi “Urgut zamin sohibkori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Orzumurod Saidov. – Shu asosda yil boshidan buyon 400 ming dollarlik mahsulot eksportini amalga oshirdik. Toshkentda o‘tkazilgan yarmarka ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Tadbirda o‘z mahsulotlarimizni namoyish etdik, kelgusi rejalarimizga oid ma’lumotlar taqdimotini o‘tkazdik. Yarmarka ishtirokchilari, ayniqsa, uzum va quruq mevalarimizga katta qiziqish bildirdi. Shu bois qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan ushbu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha 35 million dollarlik shartnoma tuzdik. Yaqin kunlarda buyurtmaning ho‘l va quruq mevadan iborat dastlabki qismini Qozog‘istonga jo‘natamiz.

Ishtixon tumanidagi “JAF” fermer xo‘jaligi ham yarmarkada faol ishtirok etdi. Xo‘jalikning xorijga 5 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani ham buni yaqqol isbotlaydi.

– Bugun mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar, davlatimiz tomonidan berilayotgan ko‘plab imtiyoz va yengilliklar fermerlarning o‘z mahsulotlari bilan xorijga chiqishi, xalqaro bozorda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishini taqozo etmoqda, – deydi “JAF” fermer xo‘jaligi rahbari Asatulla Jo‘rayev. – Chunki dunyo tajribasi fermerning faqat ishlab chiqaruvchi emas, balki mahsulotni qayta ishlovchi va uni o‘zi eksport qilish funksiyasini ham bajargandagina yuksak taraqqiyotga erishishini ko‘rsatib turibdi. Qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlarda yirik korporatsiya va kompaniyalarga ana shunday yo‘l orqali asos solingan.

Prezidentimiz rahnamoligida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini, jumladan, chorvachilik, meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani boisi ham shunda. Bugun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi eng dolzarb bo‘lib turgan bir paytda biz yurtimizning bu boradagi imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yuqori natijalarga erishishimiz mumkin. Shuning uchun ham yarmarkada dunyoning yigirmaga yaqin davlatidan kelgan tadbirkorlar zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini tatib ko‘rib, ushbu ekinlarni parvarishlash jarayoni bilan tanishib, katta-katta buyurtma berdi. Dunyoda meva-sabzavot yetishtiradigan davlatlar kammi? Bu O‘zbekistonda, tuprog‘i oltin, suvi zar zaminimizda pishib yetilgan mahsulotlarning ta’mi, mazasi, sifati va eng muhimi, inson organizmi uchun shifobaxsh xususiyatlari bilan bog‘liq, albatta.

Yarmarkada mehmonlarga bu haqda to‘lib-toshib gapirib berdim. Ularni xo‘jaligimizga taklif etdim. Tadbir davomida ko‘plab ishbilarmonlar hamkorlik qilish istagini bildirdi. Ular bizni emas, biz ularni tanlab kelgusida birgalikda ishlashga kelishib oldik. Jumladan, 7700 tonna mayiz, no‘xat, loviya va boshqa mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha xitoylik ishbilarmonlar bilan shartnoma tuzdik. Bu buyurtmalarni amalga oshirishga kirishganmiz.

Viloyatdagi boshqa fermer va tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish korxonalari ham xalqaro yarmarkada erishilgan kelishuvlar asosida xorijlik hamkorlarga mahsulot yetkazib berishni boshladi.

Manba: O‘zA