Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning 2015/2016 o‘quv yili bitiruvchilarini ishga joylashtirish borasida yaratilgan shart-sharoitlar

11/03/2016 - 19:55 7748

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 15 yanvardagi “2015 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va iqtisodiyotni yanada isloh qilishni chuqurlashtirish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalash bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi 1-sonli majlis bayonining 21-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida, bir qator mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida kasb-hunar kollejlari va akademik litsey bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqildi.

Ushbu chora-tadbirlar kompleksida 2015/2016 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni bitirayotgan yoshlarni ishga joylashtirishni ta'minlash va ularning nazoratini amalga oshirish yuzasida quyidagi asosiy choralar ko‘zda tutilgan:

bitiruvchilarni keyinchalik egallagan kasblari bo‘yicha ishga joylashtirishni nazarda tutgan holda, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun korxona va tashkilotlarga - ish beruvchilarga biriktirish;
bitiruvchi kurslarning o‘quv rejalariga tadbirkorlik asoslari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini kiritish va ushbu o‘quv kurslarini o‘qish uchun tijorat banklarining malakali mutaxassislarini jalb qilish;

yoshlarni o‘z biznesini tashkil etishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida, bitiruvchi yoshlar misolida o‘zning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni yoritib beruvchi maxsus teleko‘rsatuvlarni (realiti - shou) yo‘lga qo‘yish;

korxona va tashkilotlarda ta'lim muassasalari bitiruvchilari uchun band qilingan (kvota) ish o‘rinlariga ularning ishga joylashishlarida ko‘maklashish, bunda birinchi navbatda imkoniyati cheklangan shaxslar (nogironlar), ko‘p bolali va kam ta'minlangan oilalar farzandlarini e'tiborga olish;

bitiruvchilarni ish bilan ta'minlashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘tkazishni tashkil etish;

o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qaror qilgan bitiruvchilarga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘z vaqtida ajratishni ta'minlash;

bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini sifatli tashkil etish hamda egallagan kasblari bo‘yicha ishga joylashtirishni aks ettiruvchi yagona shakldagi ma'lumotlar bazasini yaratish;

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 84-moddasiga asosan o‘rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining ta'lim muassasasini tamomlagan kundan e'tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmasligi, hamda 2471-moddasiga asosan uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilar bilan mehnat shartnomasi u tuzilgan kundan e'tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida mehnat organlariga xabar berilishi ustidan jamoatchilik nazoratlarini olib borishni tashkil choralarini amalga oshirish aks ettirilgan.

Ushbu chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish mehnat bozorida birinchi marotaba o‘z ishchi kuchini taklif etayotgan yoshlarning bandligini ta'minlash va bu orqali ularning turmush farovonligini oshirishga zamin yaratadi.