Ma'naviyat soati

05/03/2016 - 19:03 5764

Bugun Iqtisodiyot vazirligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Ma'naviyat soati”ning mavzusi “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturida ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar doirasida bo‘lib, u  “Alisher Navoiy asarlarida ayollarning roli” deb nomlandi. Tadbirda atoqli adabiyotshunos, professor, “O‘zbekiston Qahramoni” Suyima G‘aniyeva ma'ruza qildi.

Ma'lumki, Suyima G‘aniyeva - atoqli navoiyshunos olima, o‘zbek mumtoz adabiyoti, fors mumtoz adabiyoti bo‘yicha malakali mutaxassis. U Tehron, Nishopur, Kirmon, Pekin, Anqara, Moskva, Sankt-Peterburg, Boku, Tbilisi, Yerevan, Olmaota, Bishkek, Ashxobod, Dushanbe kabi shaharlarda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan jonli ma'ruzalari bilan ham mashhur.

Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “El-yurt hurmati” ordeni, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi bo‘lgan ajoyib ustozimiz Suyima G‘aniyeva tadbir qatnashchilariga Navoiy ijodi mohiyati haqida to‘xtalarkan, jumladan uning asarlarining har biri badiiy tafakkur va insoniy fazilatlarning o‘zaro uyg‘unligidan tashkil topganligiga, qolaversa, bobokalonimiz asarlarining sehri,  o‘z ona tilida yozilganligiga ham e'tibor qaratdi. Shuningdek, olima Hazrati Navoiy asarlarida ayollar mavzusi alohida nozik ahamiyat kasb etishiga ham atroflicha to‘xtaldi.

Umrini qanchadan qancha ulug‘ zotlarning bebaho meroslarini o‘rganishga bag‘ishlagan bul mo‘'tabar olimamiz bilan bo‘lgan “Ma'naviyat soati” qiziqarli savol va javoblarga boy bo‘ldi.

Ayniqsa, vazirlik yosh mutaxassislarining Hazrati Navoiyga bo‘lgan ehtiromi va ul zotning ijod namunalaridan parchalar keltirilishi tadbirning ham fayzli, ham yuksak tarbiyaviy ahamiyat kasb etishiga xizmat qildi.