SIZGA TA’ZIM, SIZGA EHTIROM, AZIZ USTOZLAR

30/09/2022 - 19:06 1230

Bugungi kunda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” shiori ostida amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalarda o‘z aksini topib bormoqda. Xususan, ta’lim tizimi hamda sohada mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ko‘ra yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Muallimning obro‘-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-eʼtiboridir”.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora To‘ychiyeva, Konfutsiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti direktori Saodat Nosirova hamda “Ziyo-Zukko” nodavlat umumta’lim maktabi direktori Nargiza Ismatova ishtirok etdi.

Tadbirni vazir maslahatchisi v.v.b. Obiddin Mahmudov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

        – Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan ta’zim qilamiz, – dedi Obiddin Mahmudov

Konfutsiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti direktori Saodat Nosirova mamlakatimizda yoshlarning ilm olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish bo‘yicha nutq so‘zladi.

        Shundan so‘ng, “Ziyo-Zukko” nodavlat umumta’lim maktabi direktori Nargiza Ismatova maktab ta’limini ilg‘or xorijiy tajribalar va milliy an’analarimizga mos ravishda rivojlantirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish borasida o‘z fikrlarini bildirdi.

        Shundan so‘ng, vazirlikning Inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Gulnora Melibayeva so‘zga chiqib, davlatimiz, xususan, vazirlik rahbariyati tomonidan yosh-avlod ta’lim-tarbiyasiga, ustoz va murabbiylarga bo‘lgan e’tibor, iqtisodiy ta’lim va fanni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda shoira Sayyora To‘ychiyeva tomonidan o‘qilgan she’rlar, ularning ijodi asosida yaratilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu bayram tadbiri vazirligimizda ustoz va murabbiylarga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi sifatida ko‘tarinki shukuhda va yuqori kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati