YANGI MA’NAVIY MAKONDA MA’NAVIY TADBIR: g‘oliblar taqdirlandi

26/09/2022 - 11:38 897

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26- martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-son qaroriga asosan “Eng namunali vazirlik va idora”  va “Eng namunali tuman va shahar” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan edi. Joriy yilning 23-sentabr kuni Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatrida Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan ko‘rik-tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shu’ba mudiri Abduhalil Mavrulov va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Senator Minhojiddin Hojimatovlar tadbirni ochiq deb e’lon qilib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosat zamirida Yangi O‘zbekistonda ma’naviy makonni shakllantirish, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning hayot farovonligini oshirish, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi obro‘sini yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga yo‘naltirilganini alohida ta’kidladilar.

“Tobora rivojlanayotgan Yangi O‘zbekistonda yangi ma’naviy makonni yaratish maqsadidamiz. Buning uchun esa Prezidentimiz aytganidek, biz orzu qilayotgan yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma’rifatli jamiyat tagzamini, poydevori esa ma’naviyat-ma’rifatdir”, dedi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shu’ba mudiri Abduxalil Mavrulov.

So‘ngra so‘zga chiqqan Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi rahbari  Minhojiddin Hojimatov esa: “Biz bugun Yangi O‘zbekistonda yangi ma’naviy makonni barpo etishga kirishar ekanmiz, xalqimiz orasida tinchlik, bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik kabi maqsadlarimizni belgilaydigan ishonch, ezgu niyatlarni mustahkamlashimiz lozim bo‘ladi.  Bu esa ertangi kunga ishonchni belgilaydi. Ishonchi bor yurt egalarining qadri baland bo‘ladi”, dedi.

Ushbu tanlovda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ygan va bu borada yuqori samaradorlikka erishgan, shuningdek, o‘z hududida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlagan 14 ta tuman va shahar hamda 21 ta vazirlik, idora ishtirok etdi.

Natijaga ko‘ra, “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi — faxrli 5-o‘rinni egalladi. 4-o‘ringa — Davlat soliq qo‘mitasi, 3-o‘ringa — Milliy gvardiya va “O‘zkimyosanoat” AJ munosib deb topildi. 2-o‘rin — Mudofaa vazirligiga, 1-o‘rin esa Ichki ishlar vazirligiga topshirildi.

“Eng namunali tuman va shahar” va “Eng namunali vazirlik va idora” ko‘rik-tanlovining 1-o‘rin g‘olibiga Prezident sovg‘asi — “Damas” avtomobili va 15 million so‘mlik kitoblar to‘plami sovg‘a sifatida topshirildi.

2-o‘rin sohibiga esa — 40 million so‘mlik pul mukofoti va 12 million so‘mlik kitoblar to‘plami hadya etildi.

3-o‘rin g‘oliblariga — 25 million so‘m pul mukofoti va 8 million so‘mlik kitoblar to‘plami topshirildi.

4-5-o‘rin sovrindorlariga esa — 10 million so‘mlik pul mukofoti taqdim etildi.

“Eng namunali tuman va shahar” tanlovida Yangiqo‘rg‘on tumani 1-o‘rin, Sariosiyo tumani 2-o‘rin, Karmana tumani 3-o‘rinni egalladi. Zomin tumani 4-o‘ringa. Shirin shahri esa 5-o‘ringa munosib deb topildi.

         “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida   yangilik, o‘zgacha innovatsion yondashuv sifatida 5 ta nominatsiya joriy etilganligi munosabati bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha eng namunali vazirlik-idora” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi;

“Eng faol kitobxon vazirlik-idora” nominatsiyasiga  Kadastr agentligi;

“Eng faol  targ‘ibotchi vazirlik-idora” nominatsiyasi esa Madaniyat vazirligi;

“Eng yaxshi vazirlik-idora sayti” nominatsiyasiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi;

“OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eng faol vazirlik-idora” nominatsiyasiga Maktabgacha ta’lim vazirligi munosib deb topildi.

О. KAJANOVA,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bolimi xodimi.