Iqtisodiyot tarmoqlarida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish

28/08/2022 - 00:01 1613

Joriy yilning 25-avgust kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Davlat ishtirokidagi korxonalarda “ESG” tamoyillarini tatbiq qilish yo‘nalishlari” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.

Seminarda Osiyo taraqqiyot banki texnik ko‘magi yordamida jalb qilingan xorijiy ekspert G.Spiller, “Moody’s” xalqaro reyting agentligi vakillari J.Chong va K.Bixari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “NKMK” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ hamda boshqa vazirlik, idora va tashkilotlari vakillaridan iborat 60 kishiga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Seminar davomida so‘nggi yillarda mas’uliyatli va ekologik toza ishlab chiqarish amaliyoti investitsiyalar sohasiga ham kirib kelayotganligi hamda buning natijasida korxonalarda, ayniqsa davlat ishtirokidagi korxonalarda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (“ESG”) tamoyillarini joriy etish masalasi dolzarb bo‘lib borayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, xorijiy ekspertlar tomonidan hozirda xalqaro fond bozorlarida IPOga chiqish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun “ESG” strategiyasini ishlab chiqish va xalqaro reyting olish masalasi eng muhim shartlardan biri ekanligiga alohida to‘xtalindi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi PF–101-son Farmonida belgilangan iqtisodiyotda sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etishni yanada rivojlantirish vazifasi doirasida ishlarni jadal olib borish muhimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga seminar davomida quyidagi masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi va muhokama qilindi:

- sanoat korxonalariga investitsiyalarni jalb qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishda “ESG”ning dolzarbligi, xorijiy tajribada qo‘llanilayotgan “ESG” tizimlari va standartlari hamda ularni tatbiq qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba;

- xalqaro moliyaviy institutlar va reyting agentliklari tomonidan yuritiladigan “ESG” indikatorlari, ularni hisoblash, yuritish va yaxshilash yo‘llari, O‘zbekiston yirik sanoat korxonalari o‘rtasida “ESG” tamoyillarini tatbiq qilish joriy holati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari tahlili;

- “ESG” hisobotlarini tayyorlash, yuritish va taqdim qilib borish tartibi, “ESG” bo‘yicha xalqaro reytinglar, xususan, “Moody’s” xalqaro reyting agentligi tomonidan yuritiladigan reytingga kirish tartib-taomillari.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki eksperti Gari Spiller “ESG” tizimlari va standartlari, ESGni joriy etish bo‘yicha eng ilg‘or xorijiy amaliyotlar, bu boradagi O‘zbekistondagi mavjud holat, O‘zbekistondagi davlat ishtirokidagi korxonalarda ESGni joriy etishda erishilgan natijalar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Shuningdek, seminar davomida Moody’s reyting agentligining malakali ekspertlari “ESG” reytingini olish tartib tamoyillari va korxonalar tomonidan amalga oshirishi zarur bo‘lgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berishdi.

Seminar davomida ishtirok etgan sanoat korxonalarining vakillari tomonidan mavzu doirasida tegishli savollariga javoblar olindi hamda ushbu loyiha doirasida hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati