Joriy yilning 1–21-avgust kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot

22/08/2022 - 23:40 1051

Ushbu davr mobaynida bozorda piyoz 350 so‘mga, sarimsoq piyoz 1 000 so‘mga, bulg‘or qalampiri 2 000 so‘mga va uzum 9 000 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, banan 2 500 so‘mga, apelsin 1 500 so‘mga va qovun 6 500 so‘mga oshgan.

Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga asosan, joriy yilning 1–21-avgust kunlari umumiy qiymati 70,9 mln. AQSH dollarlik (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,7 mln. AQSH dollari ko‘p) jami 90,7 ming tonna (20,6 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Xususan, mazkur davrda 26,5 ming tonna uzum, 13,1 ming tonna qovun, 7,5 ming tonna olxo‘ri, 6,9 ming tonna loviya, 3,5 ming tonna anjir, 3,2 ming tonna tarvuz, 2,1 ming tonna quritilgan meva, 1,9 ming tonna sabzi, 1,8 ming tonna mayiz, 1,4 ming tonna shaftoli tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, ushbu davr mobaynida 4,8 mln. AQSH dollari (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 mln. AQSH dollari ko‘p) qiymatidagi jami 6,6 ming tonna (3,6 ming tonna kam) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, 2,5 ming tonna banan, 0,9 ming tonna kartoshka va 312 tonna limon import qilingan.

Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1–21-avgust kunlari hududlardan jami 20,5 ming tonna, xususan, 7,7 ming tonna kartoshka, 9,5 ming tonna piyoz, 728 tonna karam va 2,5 ming tonna sabzi keltirilgan. Hududlar va mahsulotlar kesimida tahlil qilinganda:

Samarqanddan 7 022 tonna, Toshkent viloyatidan 530 tonna, Namangandan 101 tonna kartoshka;

Jizzaxdan 4 581 tonna, Toshkent viloyatidan 4 521 tonna, Samarqanddan 284 tonna va Namangandan 145 tonna piyoz;

Toshkent viloyatidan 728 tonna karam;

Toshkent viloyatidan 800 tonna, Andijondan 423 tonna, Sirdaryodan 368 tonna, Surxondaryodan 321 tonna, Qashqadaryodan 213 tonna, Farg‘onadan 172 tonna va Jizzaxdan 170 tonna sabzi yetkazib berilgan.

Shu bilan birga, “Qo‘yliq” bozoriga Qirg‘izistondan 54 tonna, Qozog‘istondan 22 tonna kartoshka keltirilgan.

Bundan tashqari, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1–21-avgust kunlari jami 238,8 tonna, jumladan, 205,4 tonna mol go‘shti va 33,4 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati