Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

26/07/2022 - 11:35 877

Joriy yilning 25-iyun kunida Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) Yaponiya hukumati tomonidan savdo siyosatini keng qamrovda amalga oshirish uchun asosiy mas’ul tashkilot sifatida 1958-yilda tashkil etilgan. Yigirma yildan koʻproq vaqt davomida tashkilot Yaponiyaga urushdan keyingi iqtisodiyotini tiklashga yordam berish uchun eksportni ragʻbatlantirishga yordam berdi. Biroq, 1980-yillarning birinchi yarmida, Yaponiyaning savdo profitsiti oʻsishi va xalqaro savdo kuchayishi munosabati bilan, JETRO 180 graduslik burilish yasadi va Yaponiyada importga koʻmaklashishni boshladi, va bu hozirgi kungacha uning asosiy vazifasi boʻlib qolmoqda.

Tashkilot, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga sanoatning yordamchi sohalarini tashkil etishda yordam berish, Yaponiya va boshqa rivojlangan davlatlar oʻrtasida sanoat sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, turli darajadagi xalqaro almashinuvni rivojlantirish bilan ham faol shugʻullanadi.

Xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda JETRO jahon iqtisodiyoti, savdo va investitsiyalar boʻyicha tadqiqotlar olib boradi, ularning natijalari esa bojsiz savdo va xalqaro biznesni rivojlantirishga xizmat qiladi. Xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun JETRO xususiy biznes rahbarlari bilan tadqiqot guruhlari tuzadi va natijalarini manfaatdor davlat tashkilotlariga taqdim etadi.

JETRO bosh ofisi raisi - Nobuxiko Sasaki.

JETRO quyi ikki tashkilotni ham boshqaradi:

- Yaponiyaning xorijda oziq-ovqat mahsulotlarini ilgari surish markazi 2017-yilda tashkil etilgan. U oʻz resurslarini yapon qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, baliq va oziq-ovqat mahsulotlarini brendlashtirishga yoʻnaltiradi.

- Yaponiyaning rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti 1958-yilda tashkil etilgan boʻlib, 1998-yilda JETRO tarkibiga qoʻshiladi, hududlarni rivojlantirish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.

JETRO faoliyatining asosiy yoʻnalishlari

1.    Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.

2.    Xorijda yapon kompaniyalariga yordam berish.

3.    Xalqaro savdoning rivojlanishiga va jahon iqtisodiyotining oʻsishiga koʻmaklashish.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkilotining (JETRO) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi faoliyati toʻgʻrisida

JETRO Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi 2000-yil 9-avgustda Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan.

2019-yildan beri vakolatxonaga Dzyun Takaxasi rahbarlik qilib kelmoqda.

JETRO vakolatxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1) Yaponiya kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarini respublika iqtisodiyotiga jalb qilish, ikki mamlakat sanoat korxonalari oʻrtasida kooperatsiya va ilgʻor texnologiyalar almashinuvini kengaytirish;

JETRO muntazam ravishda Yaponiya va Oʻzbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik va axborot koʻmagini ilgari suradi jumladan, mamlakatlarda yaratilgan investitsion sharoitlar haqida.

JETRO Oʻzbekistondagi Yaponiya ishbilarmonlar assotsiatsiyasining Kotibiyati vazifasini bajaradi va Yaponiya tashkilotlarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari ishtirokida muntazam seminarlar va uchrashuvlar oʻtkazib turadi.

2) Eksport salohiyatini rivojlantirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, ularni Yaponiya va xalqaro bozorlarga olib chiqishga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshma dasturlarni amalga oshirish.

3) Sanoat ishlab chiqarishi, kichik va oʻrta biznesning eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarining sifat parametrlarini yaxshilash, standartlashtirish va sertifikatlashtirishga koʻmaklashish

4) Respublika mutaxassislarining malakasini oshirish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish, jumladan, Yaponiyada oʻtkaziladigan JETRO oʻquv dasturlarida ishtirok etish.

JETRO har yili JETRO qoshidagi Yaponiyaning rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti (IDEAS) Oliy maktabida stajirovka oʻtashni oʻz ichiga olgan savdo va investitsiyalar sohasida davlat xizmatchilarini salohiyatini oshirish dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini taqdim etadi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati