Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi dayjesti

13/06/2022 - 16:06 1566

Joriy yilning 3-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari - Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.Ubaydullayevning Xalqaro savdo palatasi (ICC) bosh kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Fadi Asli bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

           Uchrashuv davomida xorijiy delegatsiyaga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. 

     Uchrashuvning asosiy maqsadi, Xalqaro savdo palatasining O‘zbekistondagi vakolatxonasining ochilishi va kelgusida amalga oshiriladigan rejalar muhokamasi bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning 7-iyun kuni Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Malayziyaning tadbirkorlik va kooperatsiyalarni rivojlantirish vazirligi huzuridagi “SME Corp Malaysia” davlat korporatsiyasi vakillari bilan ZOOM platformasi orqali ilk hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.  

      “SME Corp Malaysia” Bosh direktori janob Rizal Naimi ikki davlat o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi. Shu o‘rinda, Agentlik tomonidan Malayziyaning kichik va o‘rta biznes subyektlarini rag‘batlantirish tizimini qo‘llash bo‘yicha tajribasi qiziq ekanligi bildirildi, jumladan kooperativ asosda faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta korxonalarni moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmi ahamiyatga ega bo‘ldi.

   Shu jumladan, joriy yilning 6–8-iyun kunlari YETTB direktorining iqtisodiyot, raqobatbardoshlik va siyosat bo‘yicha o‘rinbosari Kristof Senger boshchiligidagi missiya doirasida, 8-iyun kuni Agentlik direktori birinchi o‘rinbosari M.Shonazarov va Kristof Singer bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

      Ushbu uchrashuvdan asosiy maqsad, ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan strategiyaning keyingi qadamlari ustida kelishib olish va uning natijasi, hududlarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish konsepsiyasining asosiy maqsadlarini ishlab chiqish kabi masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

      Jumladan, joriy yilning 9-iyun kuni Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Shonazarovning Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi “JICA” vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

      Uchrashuvdan asosiy maqsad, “JICA” va Agentlik o‘rtasida hamkorlikda Sanoat klasterini yaratish ya’ni ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, ma’lum bir yo‘nalishdagi mahsulotning yarim tayyor holidan eksportgacha bo‘lgan jarayonini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ushbu sohani samarali boshqarish maqsadida esa “Targ‘ibot tashkiloti” “Promotion organization”ni shakllantirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va buning natijasida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashdilar.

 

 
 
 
 
 
 
 
 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati