Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi

11/05/2022 - 11:08 1360

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida" 2021-yil 3-dekabrdagi PF-29-son Farmoniga asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati negizida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-62-son qaroriga asosan esa Agentlik vazifa va funksiyalari hamda tarkibiy tuzilmasi tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

- respublikada tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini yuritish;
- mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘qitish hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga yo‘naltirish;
- vakolatli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
- iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda tadbirkorlikni muhim drayverga aylantirishning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- mahalliy hokimliklar bilan birga hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish;
- aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini qabul qilish va tizimli tahlil qilish asosida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash.
Agentlik Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi tashkilot hisoblanadi.
 

Islom Karimov ko`chasi, 45a, 
Toshkent, O`zbekiston 100003

Telefon: 1220, +99871 238-69-33,