2022-yil 19—23-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiyaning Xalqaro Valyuta Fondi va Jahon banki Guruhining “Bahorgi yig‘ilishlari”dagi ishtiroki

26/04/2022 - 09:38 2016

Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Markaziy bank Raisi Mamarizo Nurmuratov boshchiligidagi delegatsiyasiya bahorgi yig‘ilishlarning ikkita asosiy tadbirlari bo‘lgan Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining (XVJ) Xalqaro valyuta va moliya qo‘mitasi Boshqaruv kengashining 45-yig‘ilishi hamda Jahon banki guruhining Taraqqiyot Qo‘mitasi Boshqaruv kengashining 105-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Bundan tashqari, Jahon banki Rahbariyatining alohida taklifiga binoan Jamshid Qo‘chqorov “Oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini va bardoshliligini ta’minlash bo‘yicha harakatlarni jadallashtirish” mavzusidagi yuqori darajadagi yopiq tadbirda spiker sifatida ishtirok etdi. 

Bahorgi yig‘ilishlar doirasida delegatsiya Jahon banki guruhi Prezidenti David Malpass, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse prezidenti Anna Berde, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi direktori Maxtar Diop, Xalqaro investitsiyalarni kafolatlash agentligi direktori (MIGA) Xiroshi Matano bilan ikki tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etdi. 

Shu bilan birga, tashrif davomida:

• O‘zbekiston va OPЕK xalqaro jamg‘armasi o‘rtasida 100 mln dollar;

• O‘zbekiston va Fransiya rivojlanish agentligi o‘rtasida 150 mln yevro;

• Jahon banki bilan “O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha 50 mln dollar;

• Jahon banki bilan “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish (Faza-2)” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha 200 mln dollar miqdoridagi imtiyozli mablag‘larni ajratish bo‘yicha qarz bitimlari imzolandi.

• Xalqaro Moliya Korporatsiyasi bilan respublikada shamol stansiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishlar doirasida 20dan ortiq Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, investitsion banklar va reyting agentliklari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati