Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv

14/04/2022 - 17:11 1885

Joriy yilning 13-aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) kelishuvlarining IV moddasi bo‘yicha missiyasi yakunlari yuzasidan Ron van Ruden boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov, Moliya vaziri Timur Ishmetov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosarlari Odilbek Isakov va Ahadbek Haydarov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

        Mehmonlar tomonidan uchrashuvda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Ijrochi direktori maslahatchisi Ilhom Umurzakov, Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kevin Ros, katta iqtisodchi Kristin Richmond va iqtisodchi Moyad Al Rasasi ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, makroiqtisodiy barqarorlik, inflyatsiya darajasini nazorat qilish, ijtimoiy siyosatni kuchaytirish, budjetni moliyalashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, fiskal siyosatini olib borish, xususiylashtirish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

O‘z o‘rnida, Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar ijobiy baholandi.

        Shuningdek, uchrashuvda tomonlar iqtisodiy islohotlar, gaz va elektr energiyasini yetkazib berish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik, pandemiya davrida olib borilgan iqtisodiy siyosat tajribalari yuzasidan fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro aloqalarni hamda yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

        

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati