Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-trening – 4-kun

24/03/2022 - 10:58 1864

Joriy yilning 17-mart kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-treningning 4-kuni bo‘lib o‘tdi.

        Seminar-trening bir qator vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari, xususan, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jaxongir Abdiyev, Moliya vazirligi Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhamedov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi direktori Abbosxon Maxamatov, Мikrokredit bank raisi o‘rinbosari Abraxmatov Ulug‘bek, Agrobank raisi o‘rinbosari Ergashev Abdumuxtor hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi.

        Seminar-trening davomida buguni kunda soliq siyosatini amalga oshirishda yuz berayotgan o‘zgarishlar, soliq tiziminining ishlash mexanizmlari, sohani takomillashtirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, tizimni rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan “Cashback” tizimining o‘ziga xos jihatlari, shakllantirilishi, ishlash mexanizmlari, sohaga zamonaviy texnologik yangiliklarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

        Shuningdek, “2022-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari, belgilangan vazifalar, mahalliy budjetlar qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan shakllanadigan mablag‘larning to‘g‘ri va samarali sarflanishini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

        Shu bilan birga, seminar-treningda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining faoliyat yo‘nalishlari, jamg‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy yordamlar, ulardan foydalanishni tashkil etish, “mahallabay” ishlash tizimini va uning samaradorligini oshirishda tijorat banklari bilan hamkorlik muhokama qilindi.

Seminarlar davomida ishtirokchilar yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashdilar va o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati