Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-trening - 3 kun

24/03/2022 - 10:48 1801

Joriy yilning 16-mart kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-treningning 3-kuni bo‘lib o‘tdi.

      Seminar-trening bir qator vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari, xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Baxodir Umrzakov, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktori o‘rinbosari Baxrom Xolbayev, Mikrokreditbank raisining birinchi o‘rinbosari Orif Bo‘tayev, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Xoshimov va Davlat boshqaruvi akademiyasi professor- o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi.

    Seminar-trening davomida kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini bandligini ta’minlash, ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, xalqaro standartlar asosida tadbirkorlikka o‘qitishning yangi tizimini ishlab chiqish, mahallalarda yosh tadbirkorlarning tashabbuslari, start-up va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga motivatsiya berish hamda ularning loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari, xonadonning mavjud tomorqa yerlari hamda undan samarali foydalanish holatini aniqlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, seminarda aholini xalqaro standartlarga asoslangan tadbirkorlikka o‘qitish tizimini joriy qilish, tadbirkorlik o‘quv kurslarini ishlab chiqish, kredit, subsidiya ishlash tizimlari yuzasidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, tadbirkorlik faoliyati va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘riqnomalar, aholi bandligini ta’minlash, start-up loyihalarni ko‘rib chiqish va qabul qilishda ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan asosiy omillar hamda oilaviy tadbirkorlikka ko‘maklashish dasturlari doirasida kreditlarni o‘z vaqtida to‘lashda e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan asosiy jihatlar borasida fikr almashildi.

       Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Xoshimov bilan birgalikda tadbirkorlik yo‘nalishidagi bilim, ko‘nikmalar va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, tinglovchilar tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tadbirkor tomonidan javoblar oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati