“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha muloqotlar turkumi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda

21/02/2022 - 11:54 2535

Toshkent, 2022-yil 17-fevral – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (ITKQV), Jahon banki va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) bugun ekologik iqtisodiy o‘sish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 11 ta davra suhbatlari turkumidagi so‘nggi uchrashuvni o‘tkazdi. Tadbir davomida mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha davlat siyosatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

2021-yilning avgustidan 2022-yilning fevral oyigacha Toshkentda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, yetakchi milliy va xalqaro ekspert va ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining manfaatdor vakillari ishtirokida ko‘p tomonlama muloqotga ko‘maklashadigan turkum uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida ekologik va energiya samarador sanoat hamda iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosati va ustuvorliklari, iqlim o‘zgarishiga javob choralari, ekologik loyihalarga moliyalashtirishni jalb qilish, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishda Hukumatga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. 

O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha Idoralararo kengash va ko‘p tomonlama tematik ishchi guruhlarning tuzilgani ushbu muloqot natijalaridan biri bo‘ldi. Mamlakatning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan yangi rivojlanish strategiyasi doirasida “yashil” iqtisodiy o‘sish ustuvorliklaridan biriga aylandi. ITKQV tashkiliy tuzilmasida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yangi bo‘linma tashkil etildi.

Bugungi, 11- va hisob bo‘yicha so‘nggi, davra suhbati “yashil” iqtisodiyot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish masalalari va tarmoq chora-tadbirlari rejalariga bag‘ishlandi. Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning 2019–2030-yillarga mo‘ljallangan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirishda Hukumatga ko‘maklashishga tayyor bo‘lgan tashkilotlar bilan konsultatsiyalar jarayoni boshlab yuborildi. Ular 2022-yilning birinchi choragida ITKQV shafeligida tashkil etiladi.

“2030-yilgacha “yashil” iqtisodiyotga muvaffaqiyatli o‘tish uchun O‘zbekiston yaqin yillarda mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan keng ko‘lamli, aniq va miqdoran bayon qilingan maqsadlarni belgilashi kerak. Ularga erishish samarali mexanizmlarni joriy etishni taqozo etadi. Masalan, innovatsion texnologiyalar va jarayonlar, “yashil” loyihalarni moliyalashtirish vositalaridan foydalanish, shuningdek, ularni amalga oshirishga davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqobatni rag‘batlantirish orqali biznesni, ilmiy-tadqiqot institutlarini, jamoat tashkilotlarini jalb qilishni aytib o‘tishimiz mumkin”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov davra suhbatida so‘zlagan nutqida.

Tabiiy va energetika resurslaridan barqaror va samarali foydalanish orqali bozor iqtisodiyotiga o‘tish O‘zbekistonga atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, shuningdek, tabiiy ofatlarga samarali javob choralarini ko‘rish qobiliyatini oshirish imkonini beradi. Shu tariqa, mamlakat uglevodorod resurslaridan ekstensiv foydalanish hisobiga iqtisodiy o‘sish yo‘lidan voz kechib, Markaziy Osiyoda “yashil” iqtisodiyotning yetakchisiga aylana oladi.

“Jahon banki O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotni qo‘llab-quvvatlashdan mamnun. Biz Hukumat bilan ishimizni davom ettiramiz va manfaatdor davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa tomonlarning ushbu yo‘nalishdagi hamkorligini yanada rivojlantirishga ko‘maklashamiz. Biz ITKQV va boshqa hamkorlar bilan birgalikda bir qator qo‘shma tadbirlarni amalga oshirdik. Masalan, ilgariroq biz tomonimizdan: O‘zbekiston: innovatsion va “yashil” kelajakni tanlash, iqlim va atrof-muhitni institutsional baholash va milliy iqtisodiyotni karbonsizlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiya-hisoboti nashr qilingan edi.” — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. “Jahon banki guruhining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan hamkorlik yangi dasturi hukumatning “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘shimcha moliyaviy va tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi”.

 “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keyingi tadbirlarni amalga oshirish uchun qulay institutsional sharoitlar yaratish, shuningdek, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani birgalikdagi ishimizning natijasi bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. O‘tkazilgan muloqotlar turkumi uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini nafaqat mamlakat “yashil” iqtisodiyotining turli jihatlariga, balki uning barqaror kelajagi mavzulariga ham jamladi. Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyodagi har bir mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi butun mintaqaning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga bardoshliligi garovidir”, – dedi MOMEM ijrochi direktori Zafar Mahmudov.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati