“KGHM Polska Miedz S.A” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv

17/02/2022 - 11:24 2485

Joriy yilning 16-fevral sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov “KGHM Polska Miedz S.A” kompaniyasining vitse-prezidenti Pavel Gruza bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda, “KGHM Polska Miedz S.A” kompaniyasining bosh direktori Radoslav Pilyut, kompaniya ijrochi direktori Petr Dura, vazirlikning Sanoatning bazaviy tarmoqlarini kompleks rivojlantirish departamenti direktori Temurmalik Xoliqov, Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimov hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va Navoiy kon-metallurgiya kombinati vakillari ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida tomonlar “KGHM Polska Miedz S.A” kompaniyasi bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, OKMK va NKMK o’rtasida tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, yangi konlarni o‘rganish, ularning infratuzilmasini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish, yerosti texnologiyalari hamda ulardan foydalanish bo’yicha o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

        Shuningdek, uchrashuvda tomonlar hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini shakllantirish, metallurgiya, xususan, rangli metallar sohasida tajriba almashish, tog‘-kon va suv tejovchi texnikalardan foydalanish hamda rudalarni tayyorlash va boyitish texnologiyalarini qo‘llash borasida fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘ngida “KGHM Polska Miedz S.A” kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati