Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yoki bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha ishlar boshlandi

16/02/2022 - 12:45 2618

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq fuqarolarga (jismoniy) va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yoki bo‘sh turgan yer uchastkalarni xususiylashtirish orkali tadbirkorlik faoliyati, yerlarni ijaraga berish, doimiy foydalanish (egalik qilish), meros qilib qoldirish, umrbod egalik qilish va shahsiy mol-mulklarni xususiylashtirish amalda qo‘llana boshladi. 

Mazkur qaror asosida, yer uchastkasi va unda joylashgan davlat mulki ob’ekti (ya’ni bino-inshootlar) bilan birga xususiylashtirilganda mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi beriladi. 

Fuqarolar va tashkilotlar egaligidagi yerlarni xususiylashtirish maqsadida arizalar elektron yoki an’anaviy shaklda Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali qabul qilinadi hamda arizachi qonun bo‘yicha xususiylashtirish huquqiga egaligi, uning yer uchastkasi xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan yerlar toifasiga kirishi avtomatik tekshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Arizachi tomonidan xususiylashtirilayotgan yer uchastkasi uchun to‘lov qiymati to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan mulk huquqi uchun davlat orderi beriladi. 

Jismoniy yoki yuridik shaxs auksion g‘olibi deb e’lon qilingach, auksionda belgilangan summani to‘laganidan keyin uning nomiga yer uchastkasiga mulk huquqini beruvchi davlat orderi yoki ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, yerga nisbatan mulk huquqi joriy etilishi sababli, tijorat banklari va notariuslar faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlarni o‘zgartirish, ular uchun o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etish belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, respublikada noqishloq yerlarni xususiylashtirish va ajratishning shaffof, barcha uchun bir xil tartibning joriy etilishi, yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lardan oqilona foydalanish imkoniyatini ta’minlash hamda davlat tashkilotlari egaligidagi yerlardan oqilona foydalanish va kelishuv jarayonlarini qisqartirish singari imkoniyatlar loyida ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biridir.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati