“Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022” hisobotida mamlakatlarning indeks ko‘rsatkichlari va reytingdagi pozitsiyalarining o‘zgarganligi to‘g‘risida natijalar e‘lon qilindi

15/02/2022 - 11:52 2858

Heritage Foundation (“Meros” jamg‘armasi, AQSh) tomonidan “Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022” navbatdagi hisoboti e’lon qilindi. Hisobotda O‘zbekiston 177 ta mamlakatlar orasida 55,7 ball (so‘nggi hisobotga ko‘ra reyting bahosi - 2,6 ballga pastladi) bilan 117-o‘rinni egallagan. Indeks metodologiyasiga muvofiq, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhida qoldi.

“Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022” hisoboti 2020-yil 1-iyuldan 2021-yil 30-iyungacha bo‘lgan davr davomida amalga oshirilgan islohotlar va xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga asoslangan.

So‘nggi besh yilda O‘zbekiston mazkur reytingda umumiy jihatdan qaraganda 35 ta o‘ringa yuqoriladi, biroq 2022-yil hisobotiga ko‘ra, 9 ta pog‘onaga pastlagan. Mazkur hisobot metodologiyasi, shu jumladan, bir qator indikatorlarning o‘zgarishi va indikatorlarning ballarni aniqlashda ularni hisoblash hamda xalqaro ma’lumotlar manbalarning o‘zgarishi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Meros jamg‘armasi” tomonidan nashr etilgan hisobotga ko‘ra, Jahon banki oʻzining “Biznes yuritish” yillik hisobotini toʻxtatgani sababli 2022-yil indeksi mulkchilik huquqi, sud samaradorligi, hukumat yaxlitligi, biznes erkinligi va mehnat bozori erkinligini oʻlchaydigan subfaktorlar uchun boshqa ochiq maʼlumot manbalarini qabul qildi. Xususan, indeks endi o‘z baholashlarida Freedom House va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi;

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga javoban davlat siyosatining oʻzgaruvchanligi dunyoning koʻplab mamlakatlarida iqtisodiy sharoitlarda, jumladan, iqtisodiy erkinlik darajasida sezilarli tebranishlarga olib kelgani qayd etilib, ushbu o‘zgarishlar doimiy yoki vaqtincha ekanligi hozircha noma’lumligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tilgan.

Shuni ta’kidlash joizki, yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar natijasida ballar kesimida 177 ta davlatdan 119 tasida (67,2%) pasayish qayd etilgan.

Indeks metodologiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida barcha MDH davlatlari reytingida ballar qiymatining pasayishi qayd etilgan va faqat ikki davlat (Moldova va Turkmaniston) o‘z pozitsiyalarini yaxshilagan.

Dunyo reytingining eng yuqori 3 ta pog‘onasida Singapur (84,4 ball), Shveysariya (84,2 ball) va Irlandiya (82,0 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda esa Kuba (29,5 ball), Venesuela (24,8 ball) va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (3,0 ball) o‘rin egallagan.

Hisobotning qisqacha sharhiga havola: https://www.heritage.org/index/pdf/2022/book/2022_IndexofEconomicFreedom_Highlights.pdf

O‘zbekiston Respublikasi haqida qisqacha ma’lumot: https://www.heritage.org/index/country/uzbekistan

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati