YASHIRIN XAZINA

14/02/2022 - 20:17 790

Turkiy xalqlarning “Shams-ul millat”, ya’ni “Millat shamchirog‘i” nomini olgan Hazrat Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodi, shubhasiz, tiriklik ummonining fasohat dengizi tubidagi ma’nolar gavhari kabidir. Buyuk bobokalonimiz asarlari bilan tanisharkansiz, har bir so‘z ortida uning aslini anglatuvchi pinhona duru javohir joylashganini payqagandek bo‘lasiz. Qoniqmasdan shoir ijodining tafakkur bulog‘iga sho‘ng‘iysiz, iqtidor va salohiyatingiz darajasida undan o‘z ehtiyojingizni qondirasiz.

So‘zimizning isboti sifatida “Xamsa”ning so‘ngida muallifi noma’lum shaxs tomonidan yozib qoldirilgan ushbu to‘rtlikni keltirish o‘rinlidir.

Navoiy, ul jomei sirru jahr,

Aning har so‘zidur muammo misol,

Ango yetmagandin xirad nutqi lol.

Jahon ganji har baytidadur nihon,

Ki har ganjidadur nihon bir jahon...

(Ma’nosi: Navoiy barcha o‘zida pinhoniy ma’nolarni yashirgan. Uning har so‘zi kishini fikrlashga, mushohada qilishga chorlaydi. Donishmand ahli borki, uning so‘zlari ma’nosini bilmay loldir. Uning har baytida olam-olam ma’nolar yashirin, purhikmatlar mujassam).

Alisher Navoiydagi yana bir asosiy jihat, nazarimizda, ma’naviy barkamol inson tarbiyasi bo‘lib, uning jamiyatdan ayri holda emas, balki kishilarning ichida tadqiq qilinganidir. Bu ham o‘zidan oldin va keyin yashab o‘tgan ulug‘ ijodkorlardan tubdan farqlovchi jihat sanaladi. Shoir bunda kishilar o‘rtasidagi mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikdek go‘zal fazilatlar orqali ma’naviy barkamol  insonni “yasaydi”, unga “zeb beradi”, so‘ng esa kamolga yetkazadi...

Hazratning ta’biri bilan aytganda,

Bordur inson zotida ancha sharaf,

Kim yamon axloqin etsa bartaraf.

Demak, bugungi jamiyatimiz uchun ham o‘ta dolzarb hisoblangan maqbul tarbiya, axloq va nafs  masalasi shoir ijodida ustuvor, deb qaralgan. Shu bilan birga, bobokolonimiz o‘z asarlarida kishilarni tafakkur qilishga, ilm orttirishga, yuksak ma’naviy-axloqiy darajalarni egallashga chaqiradi.

Hech yodimdan chiqmaydi, marhum ustozim, atoqli sharqshunos olim Najmiddin Komilov bilan suhbatlarimizning birida, ustoz Navoiy bobomiz qalamga olgan mavzular judayam rang-barang-a, deb savol berganimda, u kishi o‘ziga xos bosiqlik va donishmandlik bilan «siz Navoiy hazratlarida nima yo‘q deb so‘rasangiz, yanayam to‘g‘ri bo‘lardi. Chunki qaysi soha yo‘qki, ul hazrat qo‘l urmagan bo‘lsin, degan edilar. «Siz nimadan hayratlanasiz?», degan galdagi savolimga, bilasizmi, meni bu dunyoda qariyb hech narsa hayratlantirmaydi, faqat hech tasavvur qila olmaymanki, ul Hazrat (Alisher Navoiy) unchalik ham uzoq vaqt (jismoniy umr nazarda tutilyapti) yashamasalar-da, biroq shunchalar barakali ish qilib ketdilar-ki, o‘zimga o‘zim buncha ishga qachon ulgurdilar ekan-a, deb xayolga tolaman. Axir, o‘zingiz o‘ylang, bir tomonda, u kishi hukumat ishlariga bosh-qosh, ikkinchi tomonda shahzodalar o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etishga safarbar, yana bir tomonda xalq dardi turibdi, yana bir tarafda ustozu shogirdlar bilan muloqot qilish, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish. Qiziq, qachon bu inson bashariyat hayotining ma’nolari ummonini tashkil etadigan umrboqiy asarlar bitib ulgurdiykin?! Meni mana shular hayratlantiradi. Ishonchim komilki, to kishilik jamiyati bor ekan, Navoiy siymosi ham barhayotdir, deb javob bergan edilar.

Ha, ustozning fikriga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q. Zotan, Hazrat Alisher Navoiy o‘zlarining ilohiy fayzga limmo-lim bo‘lgan sermazmun umrlari davomida shundoq ulkan ilmu irfon bog‘ini yaratib ketdiki, bu boqqa tashrif buyurgan har bir kishi o‘z nasibasini topishi, albatta, shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, Hazrat Navoiyning ijod gulshanini inson qalbida yashiringan xazinaga muqoyasa qilish mumkin. Kimki uning ijodi bilan tanisharkan, undan o‘zining tafakkuri darajasidagi ma’nolardan voqif bo‘lib boraveradi.

Demak, bundan shunday xulosa chiqadiki, biz mutafakkir shoirimiz asarlarini o‘rganishda, ul zotning teran va nafis, latofat birla bitilgan ma’nolar mahzaniga aylangan asarlarini anglashda sobitqadam bo‘lishimiz, uni mavsumiy emas, balki bir umrlik izlanish sifatida o‘zimizga qabul qilishimiz shart ekan...

 

Obiddin MAHMUDOV,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi v.v.b.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.