Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv

12/02/2022 - 21:47 2245

Joriy yilning 11-fevral sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruv direktori Jujanna Hargitai honim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, YTTBning xalqaro va mahalliy mutaxassislari ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida tomonlar aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan amaldagi va istiqboldagi loyihalar, shuningdek iqtisodiyotda “yashil o‘sish”ni ta’minlash, xususan yirik korxonalarda yashil energiya manbalaridan foydalanish, elektr avtomobillar ishlab chiqarish, konchilik sohasini xorijiy tajriba asosida rivojlantirish, yangi mahsulotlarni qazib olishni yo‘lga qo‘yish, gaz mahsulotlarini tashish sohasini yaxshilash, metan emissiyasini kamaytirish, hamda xususiy sektorda moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish orqali davlat aktivlarini xususiylashtirish va transformatsiyasi masalalari muhokama qilindi.

        Shuningdek, uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, aholida zarur ko‘nikmalarni shakllantirish orqali kichik va o’rta tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tomorqa yer va issiqxonalardan samarali foydalanish, dehqonchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi yerlarini ijara asosida ajratishning yangi tartiblari borasida fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘nggida tomonlar o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga kelishib oldilar.

 

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati