O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsuloti qiymat zanjiri uchun aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi muhokamasi

11/02/2022 - 18:19 2555

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Jahon banki bilan birgalikda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsuloti qiymati zanjiri uchun aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish harakatlar rejasini ko‘rib chiqish va muhokama qilish uchun uchinchi yakuniy davra suhbatini tashkil etdi.

Tadbirda Suv xo‘jaligi, Moliya, Energetika, Investitsiyalar va tashqi savdo, Innovatsion rivojlanish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, Ekologiya davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet, Suv inspektsiyasi, Agroinspektsiya, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, shuningdek, Jahon banki va KPMG vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov kirish so‘zi bilan ochdi va ushbu tadbir aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilish, uning milliy va tarmoq taraqqiyoti maqsadlariga erishishga qo‘shayotgan hissasi, qishloq-oziq-ovqat sektorining qiymat zanjirlari, asosiy muammolar va bu boradagi xalqaro tajriba, erishilgan yutuqlarni baholash uchun imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi. 

Shuningdek, 2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, 2019-2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish strategiyasi kabi tarmoq strategiyalarida belgilangan maqsadlarga erishish maqsadida O’zbekistonda qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsuloti qiymati zanjiri uchun aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish harakatlar rejasi 2030-yilgacha hal etilishi lozim bo‘lgan asosiy tarmoqlar va yo‘nalishlarni aniqlashga yordam beradi.

Jahon banki tomonidan O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat menejeri Marco Mantovanelli qutlov so‘zi bilan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va strategik vazifalarni ishlab chiqish orqali iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish muhimligi va bu yo’nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirishni ta’kidladi

Onlayn tadbir davomida KPMG vakili Amrita Ganguli loyiha haqida, xususan unda qishloq xo’jaligi sohasida qishloq xo’jaligi mahsuloti qiymat zanjirining tarkibiy qismlari tahlili, unda aylanma iqtisodiyot mexanizmlarini xoriy etishda hal etilishi lozim bo’lgan masalalar haqida ma'lumot berdi.

Qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazi vakili Yevropa Ittifoqining agrosanoat sohasidagi aylanma siyosatining xalqaro tajribasini taqdim etdi, unda bioiqtisodiy strategiya, asosiy tarmoqlarni aniqlagan holda aylanma iqtisodiyot bo‘yicha harakatlar rejasi va agrosanoat strategiyasi alohida qayd etilgan.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida suv iste`moli, bioresurslardan foydalanish, dehqonchilikni rejalashtirish, zaruriy resurs va energetika ta`minoti kabi beshta ustunga asoslangan aylanma iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tishga asoslangan harakatlar rejasi loyihasi bo‘yicha ekspert nuqtai nazari, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat infratuzilmasida samaradorlik va barqaror qadoqlash yechimlari berildi.

Shuningdek, ushbu harakatlar rejasini 2030-yilgacha amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, atrof-muhitning ifloslanishi, aylanma yo‘li bilan chiqindilarni yo‘q qilish kabi global muammolarni hal etishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Tadbir so‘nggida vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislari tomonidan savollarga ma’ruzachilardan javoblar olindi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsuloti qiymati zanjiri uchun aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish harakatlar rejasini tayyorlash va amalga oshirishni yakunlashning keyingi bosqichlarini kelishib olindi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati