Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining hududiy boshqarmalari vakillari bilan Jahon bankining O‘zbekiston bilan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi muhokamasi

21/01/2022 - 19:53 2434

Joriy yilning 21-yanvar sanasida Jahon bankining 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylarda muhokama qilish maqsadida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi delegatsiya Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hududiy boshqaruv vakillari, ijtimoiy soha vakillari, tadbirkorlar hamda jamoatchilik vakillari bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimov va Jahon banki Guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Behzod Hamroyev ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida Jahon banki Guruhining 2016 — 2021-yillarda O‘zbekiston bilan amalga oshirilgan hamkorlik dasturi, ularning natijalari va erishilgan yutuqlar, Jahon bankining joriy loyihalari holati hamda kelgusida amalga oshiriladigan dasturlarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Marko Mantovanelli mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish uchun jadal harakat qilish kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, mamlakatning strategik maqsadlarga erishishida yangi hamkorlik dasturining 3 ustuvor yo‘nalishi qayd etildi:

- raqobatbardosh ishbilarmonlik muhitini kuchaytirish, xususiy sektorning yer, ishchi kuch va kapitali kabi zarur resurslarga kirishini kengaytirish, davlatning rolini o‘zgartirish, davlat xizmatlarini taqdim etishning hisobdorligi va shaffofligini oshirish orqali iqtisodiyotning inklyuziv o‘sishini va xususiy sektorni rivojlantirishda ishtirokini ta’minlash;

- aholining ta’lim va tibbiy xizmatlarini yaxshilash, ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarga teng ravishda kirishini ta’minlash (kengaytirish) orqali inson kapitalini rivojlantirishga investitsiya kiritish;

- tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish, dekarbonizatsiya va “yashil” sanoat va “yashil”  iqtisodiyotni rivojlantirish orqali bozor iqtisodiyotiga o‘tish.

        Uchrashuv davomida hududlar vakillari o‘zlari uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda Jahon banki bilan hamkorlik yuzasidan o‘z takliflarini berdilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati