Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylarga chiqib muhokama qilish

19/01/2022 - 17:44 2325

Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylarga chiqib muhokama qilish maqsadida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi Bank delegatsiyasi joriy yilning 18-yanvarida Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hududiy boshqaruv vakillari, ijtimoiy soha vakillari, tadbirkorlari hamda jamoatchilik vakillari bilan onlayn shaklda uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuxrat Matkarimov va Jahon banki Guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Hamroyev ishtirok etishdi.

Uchrashuvlar davomida hududlar vakillari o‘zlari uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda Jahon banki bilan hamkorlik yuzasidan o‘z takliflarini berishdi.

Ma’lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-noyabrdagi 728-F-sonli farmoyishiga muvofiq, Jahon banki bilan hamkorlikda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini tayyorlash, uni mamlakat taraqqiyot Strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish maqsadida hamkorlikning 10 ustuvor yo‘nalishida 10 ta ishchi guruh shakllantirilgan.

Uchrashuvlarda Jahon banki Guruhining 2016–2021-moliyaviy yillardagi O‘zbekiston bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish natijalari, erishilgan yutuqlar, Jahon bankining O‘zbekistondagi joriy dasturi portfeli (2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, 25 ta loyiha umumiy qiymati qariyb 5,0 mlrd AQSH dollari), yangi hamkorlik Dasturini shakllantirishda asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylardagi muhokamasi davom etmoqda, navbatda Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati