Chili davlati geologiya va sanoat ekspertlari bilan uchrashuv

08/01/2022 - 13:57 1976

Joriy yilning 7-yanvar kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov Chili davlati geologiya va tog‘-kon-metallurgiya sanoati mutaxassislari Xuan Karlos Salas va Melvin Romero bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimov, Geologiya va metallurgiya sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Behzod Mamatov, Jahon banki guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Behzod Hamroyev ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda tog‘-kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, loyiha va dasturlar, tabiiy resurslardan foydalanish, sohada ilg‘or texnologiyalardan foydalanishning o‘rni, mis, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda mis sanoatini rivojlantirish bo‘yicha Chili tajribasini qo‘llash imkoniyatlari, ushbu tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishni ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar, mis ishlab chiqarishni “yashillashtirish”ning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlarining energiya samaradorligi, mis sanoati klasterini tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ekspertlar O‘zbekistonga tashrif doirasida Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlarida bo‘lib, mis va nodir metallar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishadi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati