Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari bilan uchrashuv

25/12/2021 - 12:58 1923

Joriy yilning 16-dekabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Markaziy Osiyoda ixtisoslashgan iqtisodiy va sanoat siyosati bo‘yicha mutaxassisi Kristiyan Tim bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Sanoat siyosatini yuritish departamenti direktori Otabek Sharipov hamda Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimovlar ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda olib borilayotgan sanoat siyosati, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan bajarilayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va dasturlar, tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyati, sohada ilg‘or texnologiyalardan foydalanishning o‘rni, mis, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sohasi, sanoat infrastrukturasi taraqqiyoti bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari faoliyati, mis sanoati klasterini tashkil etish hamda ushbu sohada yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘p pog‘onali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan xalqaro tajribani o‘rganish bo‘yicha fikr almashdilar.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar o‘zaro fikrlar almashinuvini ko‘paytirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati