Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Birlashgan Millatlar Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) qo‘shma hamkorligi doirasida Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi metodologiyasi yuzasidan onlayn seminar

18/11/2021 - 20:30 2520

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) tomonidan Birlashgan Millatlar Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (keyingi o‘rinlarda – UNIDO) bilan qo‘shma hamkorlik doirasida Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi (keyingi o‘rinlarda – CIP indeksi) metodologiyasi hamda unga ishlab chiqarish sanoatining qo‘shilgan qiymati o‘sish sur’atlarining ta’siri bo‘yicha joriy yil 17-noyabrida onlayn seminar o‘tkazildi.

Seminarda Vazirlikning tegishli boshqarmalari, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ishlab chiqarish sanoati tarmoqlarining (“O‘zkimyosanoat”, “O‘zeltexsanoat”, “O‘zavtosanoat”, “Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi”) xodimlari ishtirok etdi. Ikki tomonlama manfaatli seminarni Xalqaro reytinglar va biznes infratuzilmasini yaxshilash boshqarmasi boshlig‘i Timur Xusanov O‘zbekiston Respublikasining oxirgi yillardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda keyingi 5 yillikda O‘zbekiston Respublikasining sanoatini rivojlantirishga tegishli asosli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan kirish nutqi bilan ochib berdi.

Shuningdek, Xalqaro reytinglar va biznes infratuzilmasini yaxshilash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Kalandarov xalqaro reyting va indekslarning O‘zbekiston Respublikasidagi ahamiyati, mamlakatda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tuzilmasi hamda ishlab chiqarish sanoati tarmoqlarida qo‘shilgan qiymatning o‘sish sur’atlarini o‘zgarish dinamikasining CIP indeksiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siriga oid ma’lumotlar berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Vazirlik huzuridagi Tarmoq bozorlari va ishlab chiqarishda mehnat unumdorligi tadqiqotlari markazi Xalqaro tajribalar va xorijiy bozorlarni o‘rganish hamda reyting va indekslar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Nurmuxammad Axmedov tomonidan Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksining 2021-yilgi hisobotida O‘zbekiston Respublikasining o‘rni va reyting ko‘rsatkichlariga to‘xtalib, joriy holatni keltirib chiqargan omillar va ularni kelgusida yaxshilash yuzasidan ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi. 

Mazkur seminarda UNIDO tashkiloti Statistika boshqarmasi bosh statistik xodimi Fernando Kantu Bazaldua tomonidan CIP indeksini hisoblash metodologiyasi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining mazkur indeksning tarkibiy indikatorlaridagi ko‘rsatkichlari, ularning reytingdagi o‘rnining o‘zgarish dinamikasi, kelgusi yilda indeks metodologiyasiga kiritiladigan yangilanishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

Shu bilan birga, UNIDO Statistika boshqarmasi xodimi Petra Kunslova Barqaror rivojlanish maqsadlari 9-maqsadining (Barqaror infratuzilmani yaratish, inklyuziv va barqaror sanoatlashtirishni qo‘llab quvvatlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish) CIP indeksi bilan bog‘liqligi hamda xalqaro sanoat statistikasini kuzatishda muhim hisoblangan manbalar bo‘yicha taqdimot qildi.

Seminar yakunida tomonlarni qiziqtirgan savollar yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi, shuningdek, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish yuzasidan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati