Qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlari ulgurji narxlarini e’lon qilinishining ahamiyati to‘g‘risida

30/07/2021 - 15:28 2720

Kuzatuvlar natijasida Respublika bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari bo‘yicha “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq ulgurji bozori), go‘sht mahsulotlari bo‘yicha esa “Eski juva dehqon bozori” AJda (Chorsu) shakllangan narxlar mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi aniqlandi.

Tadbirkorlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va dehqon xo‘jaliklarining takliflarini inobatga olgan holda:

1. Asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarini kuzatib borish metodologiyasi ishlab chiqilib, bozorlarga keltirilayotgan mahsulotlar narxlarini onlayn rejimda kunlik monitoring va e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qo‘yliq ulgurji bozorida – 27 turdagi meva, sabzavot va poliz mahsulotlari narxlari bo‘yicha ma’lumotlar ertalab soat 5:00 dan 7:00 ga qadar; Chorsu bozorida – mol va qo‘y go‘shti narxlari bo‘yicha ma’lumotlar ertalab soat 5:00 va 8:00 oralig‘ida yig‘iladi.

Izoh: Ma'lumotlar soat 05:00 dan - 07:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi kuzatuvlar natijasida shakillantirilgan.

2. Ushbu tizimning amaliyotga joriy qilinishi dastlabki bosqichda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer va dehqonlar hamda ulgurji va chakana savdodagi tadbirkorlar uchun zaruriy ma’lumotlar bazasi vazifasini bajaradi hamda:

a) dehqon va fermerlar uchun mahsulotlarni sotish bo‘yicha shartnomalar tuzishda dalaning o‘zida joriy narxlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradi;

b) ushbu tizimdagi narxlar Respublikaning boshqa hududlaridagi ulgurji va chakana narxlarning shakllanishiga mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladi hamda kelgusida tahlil va qaror qabul qilishda ma’lumotlar bazasini shakllantiradi.

Shuningdek, ushbu tizimga Iqtisodiy taraqqiyot va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Markaziy bank, Davlat statistika va Soliq qo‘mitalari hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda narxlar darajasi, mavjud zaxiralar, ichki va tashqi talab va taklif hajmlari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar joylashtirib boriladi.

Bu esa, mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni zaruriy axborot manbalari bilan qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 

Narxlar kuzatuvi amalga oshirilayotgan vaqtda qayd etiladi. Ma’lumotlarni to‘plash vaqti, sanasi hamda joyi o‘zgarishiga qarab ham, narxlarning tebranish holatini ko‘rish 
mumkin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati