EGED loyihasi doirasida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv

23/07/2021 - 09:16 679

19-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov EGED loyihasi doirasida Jahon bankining bosh iqtisodchisi va EGED loyihasi menejeri janob Uilyam Zayts boshchiligidagi Jahon banki vakillari bilan onlayn rejimidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: FCDO (Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Tashqi ishlar, Hamdo'stlik va taraqqiyot vazirligi) tomonidan moliyalashtirilgan Iqtisodiy rivojlanish uchun unumli boshqaruv (EGED) dasturi, Ozbekiston, Qirgiziston va Tojikistonda tanlab olingan islohotlarning ustuvor yonalishlari boyicha iqtisodiy siyosatni amalga oshirish samaradorligi, hisobdorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, departament direktorlari Ilhomjon Umrzakov va Shuhrat Matkarimov hamda vazirlikning mas'ul xodimlari ishtirok etishdi. Jahon banki tomonidan EGED loyihasining mas'ul mutaxassisi Sevilya Muradova, tabiiy resurslarni boshqarish bo'yicha yetakchi mutaxassis Paola Agostini, moliyaviy direktor Vaygen Leyxao va boshqalar ishtirok etishdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi Jahon bankining EGED loyihasi va Yashil o‘sish doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonda yashil o‘sishni ta'minlash bo‘yicha qarashlari va rejalarini muhokama qilish bo‘ldi.

Shuningdek, Jahon banki kelgusi yilda Toshkentda yashil o'sishga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya o‘tkazishni taklif qilib, unda mamlakatning ushbu sohadagi yutuqlari keng yoritilishi mumkin ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida O'zbekiston tomoni "yashil" iqtisodiyotga oid masalalar pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish davrida alohida dolzarblikka ko‘tarilagligini ta'kidladilar. Bundan tashqari, "yashil" iqtisodiyot tamoyillarini amalga oshirishning eng ustuvor yo'nalishlari qishloq xo‘jaligi va nisbatan kamroq darajada sanoat ekanligi ta'kidlandi.

Bank mutaxassislari O‘zbekistondagi "yashil" o'sishni qo‘llab-quvvatlash rejalari to‘g‘risida qisqacha taqdimot bilan chiqdilar va unda 3 ta muhim vazifani ta'kidladilar. Birinchidan, yashil va adolatli o‘sish kun tartibi to‘g‘risida ma'lumot taqdim etish; ikkinchidan, atrof-muhit va iqlimni institutsional baholash; uchinchidan, yashil o‘sishda ishtirok etishni muvofiqlashtirish va rag‘batlantirish. Shuningdek, bank vakillari dasturni amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari bilan uzviy hamkorlikda ishlashga katta qiziqish bildirdilar.

Ikkala tomon ham ushbu sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligini

Axborot xizmati