HALOLLIK VAKSINASI – KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHDA MUHIM OMIL

07/06/2021 - 14:45 406

Insonning insoniyligi uning halolligi va pokligi bilan o‘lchanadi. Shuning uchun ota-bobolarimiz azaldan halol va pok yashashga harakat qilgan, halol bilan haromning farqiga borishgan va bu xususda yosh avlodga yetkazishgan.

Bugungi kunda ham halollik masalasiga hayotimizning yaxshilanishi va insoniyligimizning bosh mezoni sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashda, turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” – har birimiz o‘zimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligini ta’kidladi.

 “Halollik vaksinasi” – korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari majmuasi. Bu atama ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tilga olingan. Korrupsiyaga qarshi kurashda adolat bosh mezon hisoblanadi. Bunga erishishning yagona yo‘li  “halollik vaksinasi”dir.

Davlat hokimiyati organlari faoliyatining shaffoflikni taʼminlash borasida kadrlar masalasi ham juda katta ahamiyatga ega. Zero, bu ham korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Shu oʻrinda Sohibqiron Amir Temurning ushbu tuzuklarini eslash lozim: “...amir qildimki, vazirlar ushbu toʻrt sifatga ega kishilardan boʻlishlari lozim: birinchisi – asillik va toza nasllik, ikkinchisi – aql farosatlilik, uchinchisi – sipoh-u raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalalik, toʻtinchisi – sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik. Kimki shu toʻrt sifatga ega boʻlsa, unday odamni vazirlik martabasiga loyiq deb bilsinlar. Uni vazir yoki maslahatchi etib tayinlasinlar. Mamlakat ishlarini, sipoh va raiyat ixtiyorini unga topshirsinlar. Bunday vazirga toʻrt imtiyoz: ishonch, eʼtibor, ixtiyor va qudrat berilsin”.

Nazarimizda, bu fikrlar hozirgi davr uchun ham dolzarb va hech qachon ahamiyatini yoʻqotmaydi.

So‘nggi yillarda yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, ushbu yo‘nalishda jiddiy qadamlar tashlandi. Xususan, O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini yurituvchi yangi va mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qayerdaki halollik va poklik ustuvor bo‘lsa, o‘sha joyga qut-baraka yog‘iladi, kutilgan natijalarga erishiladi. Buning aksi o‘laroq, xarom-xarich aralashgan joydan baraka ko‘tariladi. Ba’zan bir nech­ta nopok xodim tufayli butun tizim yomonotliqqa chiqadi. Afsuski, odamzodning tabiatida falokatga yetaklovchi nafs atalmish illat mavjud. Aynan nafs, mol-dunyo ishtiyoqi insonni tamagirlikka undaydi.

Ishga halol yondashish, halol yashash, vijdon amrini hayot tamoyiliga aylantirish bugungi ustuvor vazifalarimizdan sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda, “halollik vaksinasi” Yangi O‘zbekiston g‘oyasini izchil amalga oshirishda va bozor munosabatlariga keng yo‘l ochib berilgan davrda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shaxzod IBRAGIMOV,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi