TILSIZ JAMIYAT RIVOJLANMAYDI, TARAQQIY TOPMAYDI

11/03/2021 - 14:34 742

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 30 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyat” ekani alohida taʼkidlangan.

Dunyo tillarini saqlab qolish, madaniy, intellektual merosning yoʻq boʻlib ketish xavfining oldini olish maqsadida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (UNESCO) tomonidan 1999 - yil noyabrda “21 - fevral – Xalqaro ona tili kuni”, deb eʼlon qilingan. Mazkur sana dunyoda tillarga boʻlgan eʼtibor va hurmatning ramziy maʼnosini ifodalab keladi.

– Quvonarlisi, yurtimizda davlat tiliga boʻlgan eʼtibor har qachongidan-da kuchaydi. Bugun ona tilimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi, – deydi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Shavkat MAVLONOV. – Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida saboq olgan yoshlar oʻzbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganishi sir emas. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Tarixga yuzlanadigan boʻlsak, taassufki, mustabid tuzum davrida millat ruhi, gʻururi boʻlmish oʻzbek tilining mavqeyini pasaytirishga urinishlar koʻp boʻldi. Millat oydini, maʼrifatparvar adib Abdulla Qodiriy “Oʻzbek tili kambagʻal til emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan xitobi bilan oʻtmishning achchiq sitamlarini namoyon etdi. Sobiq ittifoq davrida ona tiliga boʻlgan bepisandlikka qaramay, xalqimiz oʻz milliy tilini saqlab qoldi. 1989 -  yil 21 - oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, oʻzbek tili davlat tili, deb eʼlon qilindi.

Mazkur tarixiy sanadan oʻttiz yil oʻtib, ona tilimizni eʼzozlash yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” 2019 - yil 4 – oktabrdagi ПҚ – 4479 – son qarori hamda “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019 - yil 21 - oktabrdagi ПФ – 5850 – son Farmoni buning yorqin dalilidir. Farmonga binoan 21 - oktabr yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni”, deb eʼlon qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tuzilmasining tashkil etilgani oʻzbek tilining nufuzini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlash uchun xizmat qilishi, shubhasiz.

Yana bir jihatga toʻxtalib oʻtsak, maqsadga muvofiq boʻladi. Fan-texnika rivojlanib, ilmiy atamalar koʻpaygani sari milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifaga aylandi. Shu maqsadda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yuqoridagi Farmonga muvofiq, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish masalasi kun tartibiga qoʻyildi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marotaba oʻzbek tilida nutq soʻzlashi ona tilimizning nufuzi va mavqeyini yana-da oshirdi. Xalqaro hamjamiyat tomonidan “Navoiy tili” deb eʼtirof etiladigan ona tilimizning jahonda eʼtirof etilishi nihoyatda katta va muhim tarixiy voqelik boʻldi. Bu har bir yurtdoshimiz koʻnglida gʻurur-iftixor tuygʻusini yana-da oshirdi.

Yillar oʻtib, qaysi yurtning farzandlari oʻz ona tillarida oʻqishni toʻxtatsa, oʻsha til yoʻqlik qaʼriga singib ketadi. Shu sababli ham tilni yot taʼsirlardan saqlash xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Ona tili xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, oʻqitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashmogʻimiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.

Shuhrat ISLOMOV,

Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash boʻlimi

1-toifali kotib-ish yurituvchisi.