SO‘Z AZIZ, MAʼNOSI UNDAN AZIZ yoxud iqtisodiy soha mutaxassislari diqqatiga!

02/02/2021 - 10:22 2537

Hozirda aksariyat ommaviy axborot vositalarida ayrim iqtisodiy terminlar turlicha bayon etilmoqda. Misol uchun, “bozor iqtisodiyoti” va “bozor iqtisodi” atamalarini olaylik. Ushbu istilohlar baʼzan “bozor iqtisodiyoti”, baʼzan esa “bozor iqtisodi” deb yozilmoqda. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy tushunchalar mohiyatini anglashda yanglishishlarga (yoki “tushunchalarni noo‘rin qo‘llashga”) sabab bo‘layotir. 

Garchi, ushbu atamalarning o‘zagi bitta “iqtisod” (ekonomiya) so‘zidan olingan bo‘lsa-da, “bozor iqtisodiyoti” boshqa maʼnoni, “bozor iqtisodi” esa boshqa maʼnoni bildiradi.

“Iqtisodiyot” (“Ekonomika”) deb, jamiyatning turli sohalarida ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va isteʼmol tizimida yuzaga keladigan munosabatlar tizimiga, yoki oddiy qilib izohlaganda, jamiyatning xo‘jalik faoliyatiga aytiladi. Shuningdek, muayyan bir mamlakat miqyosida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jamiyatdagi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan aloqalar tizimi milliy iqtisodiyot deb yuritiladi.

Bundan tashqari, korxona, firmalar darajasidagi mikroiqtisodiyot hamda mamlakat miqyosida moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalarini bir butun qilib birlashtirgan milliy darajadagi makroiqtisodiyot ham mavjud. Shu bilan birga, “Iqtisod” (“Ekonomiya”) so‘zi, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, tejash, tejamkorlik maʼnolarini bildiradi. “Iqtisod” cheklangan resurslarni isrof qilmay ishlatish, undan qadriga yetib foydalanish, qolaversa, iqtisodiy yo‘nalishda tejamkor bo‘lib faoliyat yuritishni anglatadi.

Berilgan taʼriflardan kelib chiqib, nutqimizda “bozor iqtisodi” atamasini qo‘llash joiz emas, deb hisoblaymiz.

Darvoqe, hozirda so‘zlashuvlarimizda tobora urf bo‘lib borayotgan “Raqamli iqtisodiyot” termini bilan “Raqamli iqtisod” atamasi o‘rtasidagi tafovut ham xuddi shunday.

Obiddin MAHMUDOV,

Vazirning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi v.v.b.

Axborot, tahlil va korreksiyalash bo‘limi boshlig‘i.