Prezident korxona faoliyatini kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi

29/03/2019 - 19:09 11027

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vobkent tumanidagi «Ekvatorial Chodak group» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Uzoq yillar foydalanilmay turgan bino O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining 3 million dollar imtiyozli krediti hamda loyiha tashabbuskorlarining 2 million dollar miqdoridagi mablag‘i evaziga qayta tiklandi. Yaponiya, Italiya, Turkiya va Xitoydan besh yuzdan ziyod zamonaviy tikuv mashinasi hamda dastgohlar o‘rnatilib, yiliga 1 million 500 ming donagacha jinsi shim ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Bugungi kunda korxonada  500 nafarga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. 

Davlatimiz rahbari texnologik jarayonlar bilan tanishib, mahsulotlar sifatini ko‘zdan kechirdi. Korxona ishchilari bilan muloqot qildi. Iqtisodiy sohadagi barcha chora-tadbirlar, sa'y-harakatlardan maqsad xalqimizni rozi qilish, aholini, xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash ekanini ta'kidladi. 

Korxonada kiyim-kechaklarni bo‘yash va ularga qayta ishlov berish sexi tashkil etilgan. Bu viloyatdagi turdosh korxonalarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish hisobiga, qo‘shimcha foyda olish imkonini beradi. 

Yaqinda bu yerda poyabzal ishlab chiqarish korxonasi ham ishga tushirildi. Italiyaning zamonaviy uskunalari o‘rnatilib, yiliga 600 ming donagacha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Loyiha quvvatlari to‘la o‘zlashtirilgach, ishchi-mutaxassislar soni qariyb ming kishiga yetadi.  

Shu yerda kelgusida korxona faoliyatini yanada kengaytirish, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalari haqida ma'lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati