Shiddatli islohotlarning dastlabki samarasi yoxud o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlar xususida

20/02/2018 - 17:01 38567

Iqtisodiyot qaysar bo‘ladi. U aniqlikni, puxta hisob-kitobni xush ko‘radi. Uni murosa yo‘li tomon burishga harakatlar boshlangan joyda esa rivojlanish ko‘rsatkichlariga putur yetadi. Tarixga nazar solsak, bunga ko‘plab misollar topiladi. Shu ma'noda, O‘zbekistonda real holatdan kelib chiqib, hayotiy islohotlar olib borilayaptiki, bu ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Ularning e'tirof etishicha, shiddatli o‘zgarishlar taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. 

Shunday ekan, bu mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, aholining turmush tarzida qanday o‘zgarishlar yasayapti? Bugungi natijalarni yanada yaxshilash uchun qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayapti?

Muxbirimiz shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin MIRZAYEVga murojaat qildi. 
- Bugungi islohotlarga nisbatan qo‘llanilayotgani “shiddatli” ta'rifi bejiz emas, - dedi Mubin Muxidinovich. - Chunki Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha besh yillik Harakatlar strategiyasi iqtisodiy jarayonlarni jadallashtirib yubordi. Buni 2017-yil misolida tahlil etadigan bo‘lsak, yana bir karra ishonch hosil qilamiz. Nega deganda, oxirgi bir yil davomida valyuta bozori liberallashtirilgani, tashqi savdo faoliyatida barcha sun'iy to‘siqlar bekor qilingani, ya'ni eksport qilishda bojxona tartib-taomillari soddalashtirilib, bojxona yig‘im va bojlari pasaytirilgani, tadbirkorlik subektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddati optimallashtirilib, ular faoliyatini rejadan tashqari tekshirish amaliyoti bekor qilingani, shuningdek, 2018-yilning 1-yanvaridan e'tiboran ayrim tovarlar narxlarini belgilashda bozor mexanizmlaridan foydalanilgan holda, tovar xom-ashyo birjalari orqali sotish va sotib olish tartiblari joriy etilgani, davlat investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishning butunlay yangi mexanizmlari qo‘llanilayotgani amalda o‘z samaralarini bermoqda. Bu, o‘z navbatida, ishbilarmonlik va investitsiya iqlimini yaxshilash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, eng asosiysi, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.

- O‘tgan yilgi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi 5,3 foizni tashkil etdi, u aholi jon boshiga taqsimlaganda qanchadan to‘g‘ri keladi? Umuman, boshqa davlatlar bilan taqqoslanganda hozirgi holat qay darajada? 

- Darhaqiqat, Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma'lumotlariga qaraganda, 2017-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish sur'ati 5,3 foizni tashkil etdi. Uning aholi jon boshiga miqdori qariyb 7,7 million so‘mga yetib, oldingi yildagiga nisbatan 3,6 foiz oshdi. Mazkur ko‘rsatkich boshqa davlatlardagiga qiyoslanganda ancha past darajada. Jumladan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat o‘rtasida 134-o‘rinni egallagan. 

Ushbu yo‘nalishda yuqori natijaga erishishni maqsad qilgan ekanmiz, eng avvalo, aniq chora-tadbirlar, uning ijrosini ta'minlash uchun esa “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish talab etiladi. Bunda 2030-yilga borib YaIM hajmining aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha jahondagi o‘rta daromadli (3 ming dollardan yuqori bo‘lishi) mamlakatlar darajasigacha ko‘tarilishni ko‘zda tutish lozim. Buning uchun respublikamizda dastlabki hisob-kitoblarga binoan, iqtisodiyotning real o‘sish sur'ati kamida 6 foiz miqdorida bo‘lishi, inflyatsiya darajasi o‘rta va uzoq muddatda yiliga 5-6 foizdan oshmasligi hamda valyuta bozori barqarorligi ta'minlanishi lozim.

- Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida 2018-yil biz uchun oson bo‘lmasligini bir necha marta ta'kidladi. Bu so‘zlar zamirida nimalar yotibdi? Joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘riladi?

- To‘g‘ri, 2018-yil biz uchun o‘ta muhim yil bo‘lishi kutilmoqda. Sababi, joriy yilda bir tarafdan narx-navoni liberallashtirishimiz lozim bo‘lsa, ikkinchi tomondan inflyatsiya darajasini 13,4 foizdan oshirmasligimiz zarur.
 
Qolaversa, iqtisodiyotni, aavalambor, energiya resurslariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish va energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarining rentabellik darajasini, iste'mol tovarlarining narxlari barqarorligini ta'minlashimiz o‘ta muhim. Eng asosiy masala esa aholining to‘lov qobiliyati hamda jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdorini oshirishdan iborat. Shu maqsadda iqtisodiyotimizni rivojlantirish yo‘lida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bular:

- energetika tizimini isloh qilish, bunday resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish  bo‘yicha aniq strategiya ishlab chiqish;

- imtiyozlarni ayrim korxonalarga emas, balki alohida ishlab chiqarish va xizmat turlarini rag‘batlantirish uchun berish tizimini joriy etish;

- tadbirkorlik sub'yektlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga 2 yilga moratoriy belgilash hamda soliq organlari tomonidan ishbilarmonlarni jazolash emas, balki soliq idoralari ish faoliyatini tubdan o‘zgartirib, sifatli xizmat ko‘rsatish orqali tadbirkorlar tomonidan xato-kamchiliklar qilinmaydigan tizimni yaratish;

- aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining banklarga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada oshirish hamda mamlakatimizda “yashirin iqtisodiyot” ulushini keskin kamaytirish;

- hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha loyihalarni davlat-ijtimoiy sheriklik munosabatlari asosida shakllantirish tizimini joriy etishni jadallashtirish;

- kichik korxonalar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tishni rag‘batlantirish, shuningdek, tez rivojlanayotgan, yiriklashib borayotgan korxonalarni rag‘batlantirish siyosatiga o‘tish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;

-  Jahon savdo tashkilotiga  a'zo bo‘lish yuzasidan amaliy ishlarni olib borish, mavjud normativ huquqiy bazani xalqaro standartlarga moslashtirishdan iboratdir.

Ushbu sa'y-harakatlar barcha sohadagi iqtisodiy va institutsional islohotlarni jadallashtirib, pirovaridida 2018-yilda yalpi ichki mahsulot 5,9 foiz o‘sishiga mustahkam poydevor bo‘ladi.

-  Ekspertlar 2018-yilda inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi ko‘rsatkich atrofida, ya'ni 14 foiz bo‘lishini prognoz qilishmoqda. Buning oqibatlari haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning yanvar oyida inflyatsiya darajasi 2,66 foizni tashkil etdi. Iste'mol mahsulotlari narxlarining o‘tgan yilning dekabr oyidagiga nisbatan yuqori bo‘lishi va inflyatsiya darajasiga bir necha omillar ta'sir qildi. Ya'ni 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab, ayrim soliq va majburiy to‘lovlarning oshirilishi tovar va xizmatlar narxlari o‘sishida o‘z aksini topdi. Masalan, aroq, vino va pivo mahsulotlariga aksiz solig‘ining 20-25 foiz oshirilishi alkogol mahsulotlari narxlarining o‘rta hisobda 8,8 foiz ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

2017-yilning 15-noyabridan boshlab, yonilg‘i-moylash mahsulotlari narxlari oshganligi ham iste'mol mahsulotlarida transport xarajatlarining ortishi orqali inflyatsiya darajasiga ta'sir qilmay qolmadi. Shuningdek, joriy yil 1-yanvardan ayrim toifadagi korxonalar (pishirilgan g‘isht, asfalt va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar) uchun  tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlari 1,6 barobar oshirilgach, shunday holat kuzatildi. Natijada joriy yilning yanvar oyida qurilish materiallari narxlari o‘rta hisobda 2,6 foiz, jumladan, g‘isht - 5,6 foiz, shifer - 3,4 foiz, deraza oynalari - 3,3 foiz qimmatlashdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarga ko‘ra, 2017-yil yakunlariga ko‘ra, respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,4 foiz, xususan, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida bundan ham ko‘proq kamaygan. Bunday mahsulotlarga bo‘lgan talab kundan-kunga o‘sib borishini inobatga oladigan bo‘lsak, ayni shu jihat yanvar oyida iste'mol tovarlari narxi oshishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Chunki 2017-yilda yirik korxonalar misolida aytganda, go‘sht ishlab chiqarish hajmi 21,6 foiz, shakar 11,5 foiz, non  8,3 foiz, pishloq va tvorog 18,7 foiz hamda margarin 9,5 foiz kamaygan.

Aytish joizki, yanvar oyida asosiy pul-kredit ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar, jumladan, iqtisodiyotga chiqarilgan yalpi kredit xajmi 2,3 foiz va pul massasi 0,9 foiz o‘sishi ham inflyatsiya darajasiga qisman ta'sir qildi. Shuningdek, joriy yil 1-apreldan tariflarni tabiiy gaz uchun 10 foiz, elektr energiyasi uchun 12 foiz oshirilishi ham narxlarning oshishiga olib keladi.

2018-yilda inflyatsiya darajasi belgilangan parametrlar - 12,4-13,4 foizdan oshib ketmasligi uchun hukumat tomonidan bir qator aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

- Birinchidan, aholi kundalik ehtiyojlari uchun birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, o‘simlik yog‘i va shakar mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar korxonalar va import uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan 1 yil muddatga ozod qilindi. Bu esa ushbu mahsulotlar narxlari ko‘tarilishining oldini olishga xizmat qiladi.

- Ikkinchidan, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari tomonidan un va don mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarni hamda ushbu mahsulotlarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan 1 yil muddatga ozod qilish maqsadga muvofiq chora ekanligi ko‘rib chiqilmoqda.

- Uchinchidan,  2017-yilda kuz-qish oylarida zaxira qilingan jami 445 ming tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan, 178,3 ming tonna kartoshka, 120,1 ming tonna piyoz, 89,5 ming tonna sabzi, 57,4 ming tonna guruch hamda mamlakatimizda tashkil etilgan Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga import qilingan jami 30 ming tonna shakar, 9,6 million litr yog‘ mahsulotlari, 22,7 ming tonna kartoshka, 1407 tonna tovuq go‘shti fevral-may oylari davomida bir maromda sotilishini ta'minlash orqali narxlarni bir maromda saqlash choralari ko‘riladi.

- To‘rtinchidan, Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifida chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan, joriy yilda davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda byudjet xodimlarining kasb mahoratini oshirishni rag‘batlantirish uchun byudjet sohasi ayrim xodimlari ish haqi miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, davlat xizmatchilarining ish haqlari qo‘shimcha ravishda amaldagi inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, joriy yilning 1-iyulidan 6-8 foiz oshirish mo‘ljallanmoqda. Yil oxiriga borib yana shuncha miqdorda ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.

Davlat byudjetidan pensiya, nafaqa va ish haqini qo‘shimcha ravishda oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi bor yo‘g‘i 0,3 foizni tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lov miqdorining ko‘paytirilishi deyarli inflyatsiya darajasiga ta'sir qilmaydi.

- Keyingi bir yilda olib borilgan islohotlar xalqaro tashkilotlar va chet el moliya muassasalari e'tiborini ham tortmay qolmadi. Buni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa moliyaviy tuzilmalar bilan aloqalar qayta yo‘lga qo‘yilgani misolida ham ko‘rish mumkin. 2018-yilda xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash borasida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Chindan ham, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga kreditlar, investitsiyalar kiritishi O‘zbekiston tarixida tub o‘zgarish bo‘ldi. Quvonarlisi, bunday manfaatli aloqalar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Chunki 2017-yilning o‘zida 20 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Buning natijasida 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishilib, qariyb 60 milliard AQSH dollarilik savdo-sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Hyech shubhasiz, bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakati va tashabbuslari natijasidir.

2018-yilda xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi muhim qadamlardan biri Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar boshlanganidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad eksportni yanada rag‘batlantirish, jarayonni texnik jihatdan tartibga solish, xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish asosida tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni “o‘zbek brendi” nomi bilan olib chiqishdan iboratdir. 
Shu bilan birga, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Jahon banki bilan birgalikda valyuta bozori leberallashtirilishi munosabati bilan iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli hamkorlik qilinayapti. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri investorlarni jalb etish uchun jahondagi yetakchi reyting agentlari bilan birgalikda O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

- Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida biznes yuritish uchun qanday yengilliklar beriladi?

- Jahon bankining “Biznesni yuritish” (“Doing Business”) xalqaro hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kiritildi. Ushbu natijani 2018-yilda yanada mustahkamlash maqsadida ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi. Yuqori texnologik korxonalar va startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun venchur fondlarni tashkil etish, ayrim turdagi tadbirkorlik faoliyati uchun litsenziyalashni butunlay bekor qilinib, litsenziya talab qilinadigan faoliyat turi uchun litsenziya cheksiz muddatga berilishini joriy qilish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va ularning ayrim funsiyalarini xususiy sektorga berish, bank xizmatlari sifatini oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatida risklarni kamaytirish orqali kredit foiz stavkalarini pasaytirib borish, fond bozorini rivojlantirish, xo‘jalik sub'yektlarining  mablag‘larini fond bozoriga jalb qilish va jahon bozorida kotirovka qilinadigan qimmatli qog‘ozlarni fond  bozoriga muomalaga chiqarish yuzasidan aniq choralar ko‘rish shular sirasiga kiradi. 

Binobarin, faol tadbirkorlar safini kengaytirish, yuqori texnologiyalar, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlariga asoslangan texnika va asbob-uskunalarni mamlakatimizga olib kelish hamda joriy etish uchun ularga munosib sharoitlar yaratish bizning birinchi galdagi vazifamizga aylangan. Zero, taraqqiyotimizni jadallashtirishda tadbirkorlik harakati o‘rni g‘oyatda katta bo‘lib, u og‘riqli masalalardan biri - ishsizlikni kamaytirish va aholi daromadini oshirish, eksportni hajmini ko‘paytirishda muhim rol o‘ynaydi.
 
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. 

“Xalq so‘zi” muxbiri
Said RAHMONOV suhbatlashdi.